Oqdaryoda 55 yillik 23 tup yong‘oq daraxti kesib tashlangan: tabiatga yetkazilgan zarar miqdori 772 million so‘m
Ushbu holat, 19 noyabr kuni viloyat ekologiya boshqarmasi, prokuratura, Milliy gvardiya va IIB xodimlari tomonidan aniqlangan.
Boshqarma xabariga ko‘ra, tezkor ishchi guruh tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasida Oqdaryo tumanida yashovchi mansabdorlar (xabarda ushbu mansabdorlarning aynan qaysi tashkilot vakili ekani ko‘rsatilmagan) tomonidan tumanning Dahbed mahallasi hududida joylashgan “Dahbed mo‘l hosil" va “Fozilov Sobir bog‘i” fermer xo‘jaligi yaqinidagi ariq yoqasida ekilgan qariyb 50-55 yoshlardagi 23 tup yong‘oq daraxti kesib tashlangani aniqlangan. Buning oqibatida tabiatga 772 mln. so‘m zarar keltirilgan.
Hozirda daliliy ashyolar va tegishli hujjatlar to‘planib, huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilgan.
Eslatma: bugungi kunda respublikamizda davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarning kesilishiga qarshi moratoriy joriy etilishi munosabati bilan daraxtlarni tegishli ruxsatlarsiz kesish qat’iyan man etiladi.