Ob’yektlar faqat qaror bo‘lganda tendersiz beriladi

Mustaqillik maydonidagi 431 milliard so‘mlik va Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi qurilish-ta’mirlash ishlari hech qanday tenderlarsiz poytaxtda faoliyat yuritayotgan “12-Trest” qurilish kompaniyasiga berildi. Nega shunday katta loyihalar tendersiz bir kompaniyaga berilgan? Viloyat qurilish bosh boshqarmasida Qurilish vaziri Botir Zokirov bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida shu va shu kabi savollarga javob qaytarildi. 

- «12-Trest» 40 yildan ortiq vaqt davomida qurilish sohasida faoliyat yuritayotgan O‘zbekistondagi eng yirik qurilish tashkilotlaridan biri, - deydi B.Zokirov. - Bir paytlar men ham shu tashkilotda ishlaganman.

Endi savol tug‘iladi. Nima sababdan «12-Trest» bugun ko‘p joyda tanlanmoqda?

Bu tashkilot mustaqillikning boshlaridan hozirgacha juda ko‘p binolarni qurgan, quryapti. Aslida Oliy Majlis va Adminstratsiyaga tegishli bo‘lgan ob’yektlarni qurish bilan shug‘ullanuvchi davlat tashkiloti bor. Asosiy yirik ob’yektlar mazkur tashkilot tomonidan qilinadi. Ammo bu tashkilotda imkoniyat bo‘lmaganligi tufayli Oliy Majlis binosiga ham «12-Trest» jalb qilindi. 

Bunday yirik ob’yektlar tendersiz faqat Prezident qarori va Vazirlar Mahkamasi qarori bilan beriladi. Qaysiki tendersiz berilgan ob’yekt bo‘lsa bilingki o‘sha ob’yektning qarori bor. 

Vazirlar Mahkamasiga tegishli qaror uchun loyihani Qurilish vazirligi emas, balki buyurtmachi kiritadi. Masalan, Toshkent shahar hokimligi Shahidlar xiyoboni bo‘yicha qurilishga buyurtma beryaptimi, loyihani ham hokimlikning o‘zi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Viloyat qurilish bosh boshqarmasi axborot xizmati.