Oqsoqolni kim va nimaga o‘qitadi?

Bugun viloyatimizdagi mavjud 1094 ta mahalla fuqarolar yig‘inlari raisligiga saylovlar yakunlandi. Oqsoqollarning 623 nafari yangitdan saylanganlar, 74 nafari ayollar, 9 nafari mahalliy kengashlar deputatlari sanaladi. Raislarning 60 foizi oliy ma’lumotga ega bo‘lib, 17 foizi mahalla tizimida, 15 foizi ta’lim sohasida mehnat qilgan. Saylanganlarning aksariyatini 45-65 yoshdagi yurtdoshlarimiz tashkil etmoqda.

Endi bu oqsoqollarning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, huquqiy, ma’naviy-ma’rifiy bilimlarini, boshqaruv mahoratini oshirish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil qilish talab etilmoqda.

Viloyat mahallalar kengashida joriy yilning 3-29 iyun kunlari mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari)ning malakasini oshirish bo‘yicha ikki haftalik mintaqaviy o‘quvlarga jalb qilingan professor-o‘qituvchilar va amaliyotchi mutaxassislar uchun o‘quv-seminar tashkil etildi.

Seminarda viloyat hokimining o‘rinbosari R.Qobilov, «Mahalla» xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi boshqaruvi raisi B.Nasriyev, Prezident huzuridagi tadbirkorlik sub’yektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha viloyat bo‘limi xodimi Sh.Shodiyev va boshqalar o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etish va ularni o‘tkazishning samarali uslublari haqida so‘z yuritdi.

- Viloyatning 6 mintaqasida o‘quvlar tashkil etiladi, - deydi Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi Samarqand hududiy filiali bosh mutaxassisi Sh.Xolboyev. – O‘quvlar uchun ajratilgan zallarda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish hamda interfaol muloqotlar o‘tkazish uchun zarur shart-sharoitlar yaratiladi. Oqsoqollarga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyati, ijtimoiy sohalarga ajratilayotgan byudjet va homiylik mablag‘larini maqsadli ishlatish yuzasidan yangi g‘oyalar, tashabbuslar haqida tushunchalar beriladi.

Abdug‘ofur Sherxolov.