Mahalla oqsoqoli kim? U fuqaroga tahdid qilishi, qo‘rqitishi, haqorat qilishi mumkinmi?

Illyustrativ foto

Ushbu murojaat asosida umumfoydalanishdagi yerning egallab olinishi, G.Karimovaning eshigi qaysi asosda aynan qo‘shni tomonidan berkitib tashlanilishi o‘rganilmoqda. Ammo bu yerda bir holat borki, avval uni hal qilmasdan, aftidan, muammolarga yechim topib bo‘lmaydi.

Gap mahalla fuqarolar yig‘inining fuqaroga munosabati haqida. Zamon o‘zgaryapti, mahallaning asosiy vazifasi kam ta’minlanganlarga nafaqa yozib berish yoki yashash to‘g‘risida ma’lumotnoma taqdim etish emasligini hozir ko‘pchilik tushunib yetgan. Ikki qo‘shni o‘rtasidagi janjal mahallaning o‘zida hal bo‘lmasdan tashqariga chiqib ketishini o‘ziga uyat deb biladigan oqsoqollar ko‘p hozir. Xuddi shu sababdan ham G.Karimovaning murojaatini joyida o‘rganar ekanmiz, avval mahallaga aytib ko‘rdingizmi, qo‘shningizni insofga chaqirishmadimi, degan savollarni berdik. Chunki, hozircha muammo gazak olgan emas, mahalla faollari bilan ham kelishib hal etish mumkin. Ammo bildikki, murojaatlar foydasiz, fuqaroning hatto tuman hokimligiga yozgan murojaatidan so‘ng ham birov kelib masalani muhokama qilmagan. Aksincha, tuman hokimligidan fuqaroga kelgan javob xatida “Sudga murojaat qilishingizni tavsiya etamiz”, deyilgan. To‘g‘ri, sud masalaga oydinlik kiritadi ammo qo‘shnilar o‘rtasidagi adovat shu bilan qiyomatgacha ham davom etishi muqarrar-ku.

Xullas, mahalla oqsoqoli O.To‘rayevga fuqaro bilan birgalikda o‘zimiz murojaat qildik. Biroq raisning gaplaridan hafsalamiz pir bo‘ldi. Ijodiy jamoamiz guvohligida raisning fuqaroga “Ikki dunyoda ham ololmaysan, bilasanmi shuni”, deya jahl bilan hukm chiqarishi, “Men seni o‘zim sudga beraman, 200 ta odamni yig‘ib, Ravonakka chiqaman...” kabi tahdidlari, ochig‘i, bizni hayratda qoldirdi. Suhbatning boshidan so‘ngiga qadar mahalla oqsoqolidek odam ayol kishiga qo‘pol, bepisandlarcha, senlab muomala qilishi, uning farosatiga shubha bildirishini hazm qilolmadik. Chunki gap hozir nainki oqsoqol, hokimu vazirlar ham xalq oldida o‘zini xizmatkor deb biladigan zamon haqida ketyapti.

Nahotki mahalla oqsoqolining fuqaroga muomalasi, munosabati, hurmati shu tarzda namoyon bo‘lishi kerak. Aytgancha, gap hali ikki qo‘shni o‘rtasidagi muammoning yechimi emas, oqsoqolning fuqaro bilan muomalasi haqida ketyapti. Hatto huquq-tartibot idoralari vakillari har bir qarorni mashvarat orqali chiqarayotgan bir paytda mahalla oqsoqolining «hukm»idan nimani anglash mumkin? Tuman hokimligi, arxitektura, tuman yer resurslari va kadastrining muammoni o‘rganib chiqib, hal etishlariga umid qilamiz.

Anvar AHMADXONOV.