Bir murojaat izidan: «Tadbirkorga ishonib, ko‘chada qoldik»
Urgut tumanida 8 yildan beri ijrosi ta’minlanmayotgan qarordan najot kutsa bo‘ladimi?
Tahririyatimizga Urgut tumani Mo‘g‘ol mahallasi faollaridan biri murojaat qildi. Xat mazmuniga ko‘ra, tuman hokimining 2016 yildagi qarori bilan mahalla fuqarolar yig‘ini joylashgan eski bino va unga tutash yer maydoni mahalla fuqarolar yig‘ini, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalariga moslashtirib, 2 qavatli qilib qayta qurish sharti bilan tadbirkorga berilgan.
Bunda binoning birinchi qavati mahalla uchun ma’muriy xonalarga bo‘linishi kerak edi. Biroq tadbirkor shartlashuv qoidalariga amal qilmay, qurgan binosini to‘liq egallab olgan. Biz murojaatni joyida o‘rganish maqsadida Mo‘g‘olga bordik.
Tuman markazidan 13 kilometr uzoqlikda joylashgan mahallada 6 mingdan ziyod aholi istiqomat qilar ekan. Uylarning zich joylashganligi, ichki ko‘chalarning torligidan bilsa bo‘ladiki, hududda yer masalasi juda og‘ir. Balki shuning uchun ham tadbirkor oson qo‘lga kiritgan yerini bo‘lishgisi kelmayotgandir. Unda qonun ustuvorligi qayerda qoladi? Shunday mulohazalar bilan Mo‘g‘ol mahallasi rahbarlari vaqtincha ma’muriy bino sifatida foydalanayotgan masjidga yetib bordik. Eski va ko‘rimsiz binoning bitta xonasida mahalla yettiligi o‘tiribdi. Ularga murojaat bilan kelgan fuqarolar xonaga sig‘masligi bois tashqarida turib, navbat bilan kirib chiqishmoqda.
- Kunlar isib, ishimiz yengillashdi, ko‘p vaqtimizni ko‘chada o‘tkazyapmiz, qishda vaziyatimiz ayanchli edi, - deya izoh beradi “Mo‘g‘ol” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Orzimurod Hamidullayev. – Mahalla faollari 2016 yildan beri binosiz, sarson yuribdi. Men 2022 yilda rais bo‘lganimdan keyin aniq bir manzilga ega bo‘lish uchun shu yerga ko‘chib keldik. Ungacha ko‘chada, ba’zida fuqarolarning uyida turib ishlashimizga to‘g‘ri kelgan. Mahalla yettiligi joriy etilgach, bu xonaga ham sig‘may qoldik. Nima ham derdim, tadbirkorga ishonib, shuncha yildan beri ko‘chada yuribmiz.
Murojaatga asos bo‘lgan hujjatlar bilan tanishamiz. Tuman hokimining 2016 yil 30 dekabrdagi qarorida aniq qilib yozib qo‘yilgan, tadbirkor binoni quradi va shuning evaziga undagi birinchi qavatning bir qismi va 2-qavatdan savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari sifatida doimiy foydalanadi, e’tibor bering, egalik qilishga emas, foydalanishga berilishi aytilmoqda. Biroq mahalla raisining aytishicha, qaror butunlay teskari ijro qilingan. Hozir tadbirkor yer va binoga xo‘jayinlik qilmoqda.
Masalaning qiziq tomoni bor. Gap shundaki, bino bilan bog‘liq mojaro 2022 yilda, ya’ni mahalla raisi o‘zgarganidan keyin boshlangan. Hokimning qarori ijrosi yuzasidan savollar ko‘payavergach, 2022 yil 26 sentyabrda tuman hokimligi tomonidan fuqarolik ishlari bo‘yicha tuman sudiga tadbirkorni bino va yer maydonidan chiqarish yuzasidan da’vo kiritilib, ishda yutib chiqilgan. Ikkinchi sud esa 2023 yilda bo‘lib, unda ham yana hokimlik da’vogar sifatida tadbirkor qurgan binoni buzdirishni so‘ragan. Asos qilib, kelishilgan 2 qavatli bino o‘rniga o‘zboshimchalik bilan loyiha va hujjatlarsiz 3 qavatli bino qurilganligi ko‘rsatilgan. Mazkur da’vo birinchi va ikkinchi sud instansiyalarida qanoatlantirilgan bo‘lsa-da, O‘zbekiston Oliy sudi tomonidan kassatsiya tartibida ko‘rib chiqilganda bekor qilingan. Bunga asosiy sabab ayblovning noto‘g‘ri qo‘yilgani, ya’ni tadbirkor imoratni o‘zboshimchalik bilan qurmagani ko‘rsatilgan. Xo‘p, tadbirkor hokimning qaroriga tayanib qurilish qilgan deylik, lekin 2 qavat o‘rniga 3 qavatli imorat ko‘targan-ku. Nahotki shuncha yil davomida noqonuniy qurilish va hokim qarorining noto‘g‘ri ijrosini bartaraf etib bo‘lmadi? Hech bo‘lmasa, qaror ijrosi ta’minlansa ham, ta’minlanmay qolsa ham manfaat bilan chiqayotgan tadbirkor aqalli mahallani rozi qilsa bo‘lardi-ku?
Bu savollarga tadbirkorning o‘zidan javob olishga urinib ko‘rdik. Ammo uni topishning imkoni bo‘lmadi. Uning o‘rniga o‘sha binodagi savdo do‘konini yuritayotgan akasi Normurod Ko‘nishov javob berdi. Unga ko‘ra, mahallaga birinchi qavatdan (u birinchi deb do‘kon ostidagi qavatni nazarda tutyapti) joy berilgan. Biroq faollar bu joy ularga to‘g‘ri kelmasligini aytib, qabul qilishdan bosh tortishgan. Biz uni ko‘zdan kechirdik. Ayni damda omborxona vazifasini o‘tayotgan bu qavat aslida ham omborxonaga moslab qurilgan. Oynalari deyarli yo‘q, isitish, ventilyasiya tizimi ham. Har qancha zeb berilmasin, u biz ko‘rib o‘rgangan keng va yorug‘ mahalla binolariga o‘xshamasligi aniq. Agar tadbirkor bu qavatni omborxona emas, birinchi qavat deb ko‘rsatayotgan bo‘lsa, o‘z tili bilan hokim qaroriga zid ravishda 3 qavatli imorat ko‘targanini tan olyapti.
Normurod akaga fikrlarimizni aytdik. U nizoli holatni bartaraf etish maqsadida mahalladagi qarovsiz yotgan yerda tadbirkor yana bir imorat qurayotgani, o‘sha bino mahallaga berilishini aytdi. Biz uning hamrohligida o‘sha joyni ham borib ko‘rdik. Haqiqatan ham ikki qismdan iborat binoning qurilish ishlari boshlangan. Biroq bu yer kimga qarashli, imorat ko‘tarish uchun biror ruxsat yoki tasdiqlangan loyiha bormi, deb so‘raganimizda, qiziq javobni oldik. Tadbirkorga ko‘ra, bu yerda imorat qurish uchun unga tuman hokimligi mas’ullari og‘zaki ruxsat bergan. “Hujjat-chi”, deganimizda, “Hujjatni keyin qilib berishar ekan”, dedi u. Ana ahvol.
Holatga aniqlik kiritish, kim hujjat qilib berishini aniqlash uchun tuman arxitektura va qurilish bo‘limi boshlig‘i Farrux Jamolov bilan bog‘landik. U mahalladagi muammodan, undan ham qizig‘i, tadbirkor hujjatsiz yana bir imorat qurayotganidan xabari borligini, bu mahalla faollari bilan bog‘liq nizoni bartaraf qilish uchun o‘ylab topilgan yo‘l ekanligini aytdi. Faqat keyinchalik mahalla faollari fikridan qaytgan emish. Endi mazkur yer va imorat ham tadbirkorga qolar ekan-da, degan fikr keladi xayolga. Hokimning bir qarori ijro qilinmay turib, noqonuniy qurilish uchun yana bir yangi qaror va hujjatlar chiqarish mumkinmi? Biz shu masalada tuman hokimligining yuristidan ham izoh olmoqchi bo‘ldik. Biroq ayni vaqtda mazkur lavozim vakant ekanligi, savollarimizga qonun nuqtai nazaridan javob berishga vakolatli mas’ul yo‘qligini aytishdi. O‘zbekiston mahallalari uyushmasi tuman bo‘limiga chiqdik. Bo‘lim bosh mutaxassisi Nurmuhammad Hodiyev mahallaning manfaatlarini himoya qilish uchun sudga yana bir da’vo arizasi bilan murojaat qilish masalasi ko‘rilayotgani, uyushma jarayonda mahallaga ham huquqiy, ham amaliy ko‘mak berishga tayyorligini aytdi. Bu quvonarli albatta, faqat shuncha ko‘makchi va qonun himoyachilari bo‘la turib, yechimi aniq bo‘lgan muammo 8 yilda ham bartaraf etilmagani g‘alati.
E’tiboringizga bir murojaat asosida olib borgan surishtiruv va kuzatuvlarimiz tafsilotlarini havola qildik. Mas’ullar uni o‘rganib, qonuniy choralarni belgilaydi, degan umiddamiz. Kutamiz.
Asqar Barotov.