Samarqanddagi mahallalarda 1 maydan mahalla oqsoqoli saylovi boshlanadi
Samarqand viloyati matbuot uyida fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) sayloviga tayyorgarlik va uni o‘tkazish masalalariga bag‘ishlangan brifing o‘tkazildi.
Xalq deputatlari viloyat Kengashining fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga ko‘maklashuvchi komissiyasi raisi N.Rabbimova jarayon haqida ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, bu yilgi saylovda viloyat bo‘yicha 1094 mahallaga rais saylanadi.
Ayni paytda mahallalarda tuzilgan ishchi guruhlar tomonidan belgilangan ishlar amalga oshirilmoqda. Barcha mahallalarda raislikka nomzodlar ko‘rsatildi. Har bir o‘ringa o‘rtacha uch nomzod to‘g‘ri kelmoqda. Shuningdek, saylovda ishtirok etadigan 294 ming nafardan ortiq vakillar ro‘yxati shakllantirilib, tasdiqlandi.
Qonunchiligimizdagi yangiliklarga ko‘ra, bu yilgi saylov avvalgilardan bir qator farqli jihatlari bilan ajralib turadi. Avvalo, saylovda ishtirok etuvchi vakillar soni sezilarli darajada ko‘paygan. Ovoz berish oldingi singari ochiq usulda emas, yopiq ovoz berish tarzida o‘tadi va saylovchilar byulleten to‘ldiradi. Shu sababli saylovni kattaroq, aholi uchun har tomonlama qulay joylarda o‘tkazish belgilandi. Buning uchun asosan, umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari va mahalla fuqarolar yig‘inlari binolari tanlandi. Bu maskanlarda 5470 ta saylov kabinalari, 1094 ta ovoz berish qutilari (urnalar) yetkazib berildi. Binolar saylovga oid targ‘ibot materiallari bilan ta’minlandi.
Aholining saylovdan xabardorligi va jarayon haqidagi tushunchasini oshirish maqsadida viloyat ko‘maklashuvchi komissiya a’zolari, adliya bo‘limlari xodimlari, deputatlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida mahalla fuqarolar yig‘inlarida davra suhbatlari va uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. Saylovni tashkil etish bo‘yicha videorolik ishlab chiqilib, targ‘ibot tadbirlarida hamda viloyat teleradiokompaniyasi tele va radio kanallarida efirga uzatilmoqda.
Viloyatdagi mahalla fuqarolar yig‘inlarida joriy yilning 1 may kunidan saylovlar boshlanadi.