Erkinjon TURDIMOV, Samarqand viloyati hokimi:

Inson o‘z-o‘zidan ichkilikka berilmaydi, hayotdagi qaysidir murakkab vaziyatdan chiqishga iroda topolmagach, shu yo‘lga o‘tadi. Oiladagi ajrim ham tasodifan ruy bermaydi, e’tiborsizlik yoki aksincha ortiqcha aralashish tufayli yuz beradi. Kam ta’minlanganlik haqida ham shunday deyish mumkin.

Mahalla oqsoqoli o‘z faoliyati davomida ana shu holatlarni bilib borishi, ularning oldini olish choralarini ko‘rishi lozim. Oqsoqol o‘z hududidagi fuqarolar ijtimoiy ahvoli uchun javobgar inson. U har bir muammo xususida tegishli rahbarlarga talabnoma, taklif berib, ijrosini nazorat qilishga majbur. Agar u  odamlar bilan dildan suhbatlashib, ularni tomorqadan unumli foydalanishga, tadbirkorlikka da’vat etsa, buni tushuntira olsa, o‘sha xonadonda bekorchi bo‘lmaydi, mehnat intizomi shakllanadi, ro‘zg‘or but bo‘ladi. Demak, o‘sha oilada ijtimoiy muhit yaxshilanadi.

Ammo  buning uchun oqsoqolda katta qalb, bilim, odamlarga mehr, jonkuyarlik, davr, jamiyat, hayot haqida puxta tahlil bo‘lmog‘i zarur.