O‘rnatilayotgan yangi elektr hisoblagichlar 10 yilda bir marta davlat qiyoslovidan o‘tkaziladi
Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 20 avgustdagi “Yuridik va jismoniy shaxslarning elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik va issiq suvni hisobga olish uskunalarini (hisoblagichlarni) yechish, qiyoslashdan o‘tkazish va o‘rnatish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori bilan elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik va issiq suvni hisobga olish uskunalarini qiyoslashdan o‘tkazish bo‘yicha ma’muriy reglamentlar tasdiqlandi.
2019 yil 1 noyabrdan boshlab hisobga olish uskunalarini qiyoslovdan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatlari faqat Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshiriladi.
Qarorga ko‘ra, hisobga olish uskunalarini qiyoslash davriyligi yuridik shaxslar uchun – 4 yil, jismoniy shaxslar uchun – 8 yilni tashkil etishi belgilangan.
Mazkur reglament yuridik va jismoniy shaxslarga Davlat xizmatlari markazlari orqali elektr energiyasini hisobga olish (hisoblagich) uskunasini yechish, qiyoslashdan o‘tkazish va o‘rnatish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibini belgilaydi.
Biroq mazkur reglament talablari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 13 noyabrdagi “Elektr energiyasi va tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini jadal joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, o‘rnatilayotgan hisobga olish uskunalari, shuningdek, o‘lchov komplekslariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Ya’ni ayni paytda o‘rnatilayotgan elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (ASKUE) tizimida ishlovchi zamonaviy elektr hisoblagichlar 8 yilda emas, 10 yilda bir marta davlat qiyoslovidan o‘tkaziladi.
“Hududiy elektr tarmoqlari”AJ matbuot xizmati.