Samarqand va Andijonda elektr hisoblagichlarini o‘rnatishda qonunbuzilish holatlari aniqlandi

«Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvining topshirig‘iga muvofiq, jamiyatning ichki audit hamda komplayens nazorati xizmatlari Samarqand va Andijon hududiy filiallarida o‘rganish ishlari olib bormoqda.

O‘rganishlar elektr energiyasi hisoblagichlarining iste’molchilarga qonunchilik talablariga muvofiq o‘rnatilishi yuzasidan amalga oshirilmoqda.

O‘rganish davomida jamiyatning Samarqand shahar bo‘linmasida elektr hisoblagichlarining iste’molchilarga jamiyat mablag‘lari hisobidan noqonuniy ravishda o‘rnatilgani aniqlanib, ushbu holat bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berildi. Hozirda jamiyatga yetkazilgan zararni qoplash yuzasidan tegishli ishlar olib borilmoqda.

Ayni vaqtda Samarqand viloyatining boshqa shahar va tumanlarida ham elektr hisoblagichlarining iste’molchilarga qonunchilik talablari asosida o‘rnatilishi, shuningdek, ajratilgan mablag‘larning maqsadli va samarali sarflanishi yuzasidan o‘rganishlar davom ettirilmoqda.

Shuningdek, jamiyatning Andijon hududiy filialida iste’molchilarga elektr hisoblagichlarini o‘rnatish jarayonida qonunbuzilish holatlari, shuningdek, hisoblagichlar kamomadi aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga belgilangan tartibda xabar berildi. Natijada qonunbuzarlik sodir etganlikda gumon qilinayotgan korxonaning 12 nafar xodimiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ularga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Ayni paytda jamiyatga yetkazilgan zararni qoplash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.