Ishtixonning barcha mahallalarida zamonaviy elektron hisoblagichlar o‘rnatilmoqda

Har yili kuz-qish mavsumida Ishtixon tumanining tog‘ yonbag‘rida joylashgan Beshbola mahallasi aholisi elektr energiyasi muammolari borasida turli idoralarga murojaat qilishdan charchamasdi. Endi bu muammolar “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati ishchilari tomonidan ijobiy hal etildi.

Jamiyat mutaxassislari mahallaning o‘tgan asrning 50-yillarida o‘rnatilgan simyog‘och va elektr kabellarini almashtirgach, bu kamchiliklar bartaraf bo‘ldi. Mahalla bo‘ylab 0,4 kVli past kuchlanishli havo tarmog‘iga 50 dona temir-beton ustunlar va yuqori kuchlanishli havo tarmog‘iga 450 metr simlar tortildi.

Jamiyat tomonidan “2017-2021 yillarda past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yanada modernizatsiya qilish va yangilash dasturi to‘g‘risida”gi qarorga muvofiq, Ishtixon tumanida 13 dona transformator punkti, 17,5 km elektr tarmog‘i hamda 300 donadan ortiq temir beton ustunlari o‘rnatildi.
Shuningdek, tumanning Zarband, Chig‘atoy, Gulobod, Borlos, Minglar, Bahrin, Zarbuloq, Chaqar, Qayirma, Safoxo‘ja, Shayxislom kabi o‘ndan ziyod mahallalarga 6,4 km tarmoqlar tortilib, 180 donadan ortiq temir beton ustunlari o‘rnatildi. Shuningdek, 8 dona turli quvvatli transformator punktlarini o‘rnatish ishlari amalga oshirilmoqda.

Bundan tashqari, tumanning barcha mahallalarida avtomatlashtirilgan ASKUE tizimiga ulangan zamonaviy elektron hisoblagichlar o‘rnatilmoqda.

“Samarqand HETK” aksiyadorlik
jamiyati matbuot xizmati.