ASKUE: Yangi hisoblagich o‘rnatishda qanday muammolar bor?

Bugungi kunda Samarqand viloyatidagi 825 ming iste’molchidan 672 mingdan ziyodiga elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (ASKUE) zamonaviy elektr hisoblagichlari o‘rnatilib, ularning barchasi ushbu tizimga ulanishi ta’minlanmoqda.

Ular eski hisoblagichlardan 20 dan ziyod funksiyalarni bajara olishi bilan farqlanadi.

- Yangi tizimda iste’molchilar elektr ta’minoti korxonasi yoki banklarga borib navbatda turmaydi, - deydi viloyat elektr tarmoqlari korxonasi bo‘lim boshlig‘i Aminjon Sharifov. - Hisoblagich o‘rnatilgach, tizimga ulanadi, kod kiritilib, hisob raqam ochiladi. Iste’molchilarga SMS xabar orqali barcha ma’lumotlar avtomatik tarzda yetkazib turiladi. Mobil telefon raqamiga ulanishi to‘lovni uydan chiqmay “online” rejimida amalga oshirish imkonini beradi. Muhimi, “shaxsiy kabinet”orqali har bir iste’molchi qancha elektr energiyasi sarflaganini kuzatib turish imkoniga ega bo‘ladi.

Kattaqo‘rg‘on tumani aholisi xonadonlariga “Qoradaryo elektr tarmoqlari korxonasi” mutaxassislari xizmat ko‘rsatadi. Tumandagi 60 mingga yaqin xususiy, 4200 ta ulgurji iste’molchilarning elektr ta’minoti korxonaning Qoradaryo, Moybuloq, Kattaming, Temur va Bo‘ston bo‘limlari xizmatchilari tomonidan nazorat qilinadi.

- Aholini elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida korxona mutaxassislari kuniga 200 tagacha iste’molchiga zamonaviy hisoblagich o‘rnatmoqda, - deydi korxona bosh muhandisi Erkin Rahimov. – Bugungacha 50 mingga yaqin aholi va ulgurji iste’molchilarga yangi hisoblagichlar o‘rnatdik. Yana 10 ming 700 ga yaqin xonadonga o‘rnatishimiz lozim.

Ta’kidlash joizki, yangi tizimda hisoblagichlardagi ma’lumotlarni kompyuter nazorat qiladi. Elektr ta’minoti korxonasi xodimlari uyma-uy yurishga ketadigan vaqtini tarmoqlarning texnik holatini yaxshilashga sarflaydi. Shuningdek, iste’mol qilingan energiya haqidagi ma’lumotlarni yig‘ishda inson omili ta’siri kamayadi. Odatda har bir hudud uchun elektr sarfi taxminiy hisoblanib, “limit” ajratilar edi. Endilikda tizimda barcha ma’lumotlar aniq ko‘rinib turishi bois ta’minotda cheklov bo‘lmaydi.

Iste’molchilarga bepul almashtirib beriladigan hisoblagichlardagi ma’lumotlarni soxtalashtirishga urinish, ya’ni hisoblagichga ta’sir o‘tkazish holatlari yuzaga kelsa, darhol o‘chadi va tizimga xabar jo‘natadi. Hisoblagich elektr ta’minoti korxonasi tomonidan 10 yilda bir marotaba qiyoslovdan o‘tkaziladi.

Yangi hisoblagichlar odamlarning ham mablag‘ini, ham vaqtini iqtisod qilishi kunday ravshan. Faqat undan to‘g‘ri foydalanib, ishlash tartibini o‘rganish kifoya.

Dilmurod To‘xtayev.