Abadiy chaqaloq
Qiz 20 yil davomida o‘smadi va rivojlanmadi.
Tibbiyot tarixi aqlbovar qilmaydigan va hayratlanarli sirlarga boy. Ana shunday jumboqlardan biri - hatto voyaga yetganida ham go‘dak bo‘lishda to‘xtamagan qiz Bruk Grinbergning hodisasi butun dunyo bo‘ylab shifokorlar va tadqiqotchilarni hayratda qoldirib keladi.

"Bruk Grinberg sindromi" nomi bilan mashhur ushbu holat tibbiyot hamjamiyatida katta qiziqish uyg‘otib, ushbu fenomen ko‘plab shifokorlar va olimlarning tadqiqot va kuzatuv ob’yektiga aylandi.
Bruk Grinberg 1993 yilning 8 yanvarida Merilend shtatining Baltimor shahrida tug‘ilgan. Bir qarashda u oddiy chaqaloqlardan farq qilmas edi. Keyinchalik uning jismoniy rivojlanishida nimadir noto‘g‘ri ekanligi ayon bo‘ldi. Bruk o‘z yoshidagi bolalar kabi o‘smay qoldi, u butun hayoti davomida jismonan go‘dakligicha qoldi.

Bir necha oylik bo‘lganida Bruk koma yoki letargik uyquga o‘xshash g‘alati holatni boshdan kechirdi. Uyg‘ongach, tekshiruvdan o‘tkazilgan tashxislar go‘yo qizaloqqa hech narsa bo‘lmagandek, uning sog‘lom ekanligini ko‘rsatdi. Bu tushunarsiz hodisalarning boshlanishi edi.
Keyingi bir necha yil ichida Bruk bir qator jiddiy kasalliklar, jumladan, oshqozon yarasi va insultning yettita holatini boshdan kechirdi. U besh yoshga to‘lganida, umuman o‘sish va jismonan rivojlanishda to‘xtadi.

Brukning ota-onasi va shifokorlar uning rivojlanishida to‘xtalish javobini izlashdi, ammo hech kim buni tushuntirib bera olmadi. Unga parhezlar, dori-darmonlar, vitaminlar va jismoniy mashqlar buyurildi, lekin bularning hech biri uning o‘sishi va vazn ortishiga olib kelmadi.

Bruk 2013 yilda, 20 yoshida odatda chaqaloqlarda kam uchraydigan bronxomalaziya kasalligidan vafot etdi.
Bruk Grinbergning qissasi tibbiyot amaliyotidagi eng sirli voqealardan biri bo‘lib qolmoqda. Bu voqea bizga inson tanasining murakkabligi va o‘ziga xosligini eslatadi va haligacha javobsiz bo‘lib qolgan ko‘plab savollarni tug‘diradi.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.