O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida 22 ta hujjat imzolandi
Kecha Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘istonga davlat tashrifi yakunlandi. tashrif ikki qardosh xalqlarning o‘zaro hamkorligi yanada mustahkamlanayotgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Masalan, Shavkat Mirziyoyev va Qasim-Jomart Toqayev O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi deklaratsiyaga imzo chekdilar.
Hujjatda qardosh xalqlarning hayotiy muhim va uzoq muddatli milliy manfaatlari, ko‘p qirrali sheriklik salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish maqsadi o‘z ifodasini topgan.
Marosimda imzolangan yana bir muhim hujjat yaqin 5 yilda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi tovar ayirboshlashni 10 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha Amaliy harakatlar rejasidir. Unda ikki mamlakat tarmoqlari va hududlari uchun qulay sharoitlar yaratish ko‘zda tutilgan.
Davlat rahbarlari huzurida hukumatlararo va idoralararo hujjatlar imzolandi. Bojxona, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish, fazoviy makonni tadqiq etish va undan tinch maqsadlarda foydalanish sohasiga doir hamda «Markaziy Osiyo» sanoat kooperatsiyasi xalqaro markazini tashkil etish to‘g‘risidagi bitimlar shular jumlasidan.
Shuningdek, savdo, investitsiyalar, energetika, transport kommunikatsiyalari, sud-ekspertlik faoliyati, mudofaa, bandlik va fan sohalarida hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha tegishli hujjatlarga imzo chekildi.
Toshkent va Turkiston viloyatlari, Toshkent va Nur-Sulton shaharlari, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlari hokimliklari o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha 2022-2023 yillarga mo‘ljallangan «yo‘l xarita»lari qabul qilindi.
Qayd etilishicha, ko‘p qirrali O‘zbekiston-Qozog‘iston hamkorligining deyarli barcha yo‘nalishlarini qamrab olgan 22 ta hujjat imzolangan.