O‘zbekistonda elektr ta’minotiga cheklovlar kiritilmoqda

Elektr energiyasiga bo‘lgan talab sezilarli darajada oshganligi sababli joriy yilning 21 iyul kunidan boshlab, ishlab chiqarilayotgan va iste’mol qilinayotgan elektr energiyasi orasida farq vujudga kelganligi sababli iste’molchilarga ma’lum bir cheklovlar o‘rnatildi.

Energotizimdagi yirik avariya holatlarining oldini olish va uning barqaror ishlashini ta’minlash maqsadida kiritilayotgan cheklov miqdori taxminan 1,5–2,0 million kVt.soat elektr energiyani tashkil etmoqda. Bu kunlik o‘rtacha iste’molning (195,6 million kVt.soat) 0,8–1,0 foiz deganidir.

Shuningdek, vaqtinchalik uzilishlarga Tojikistondan olinayotgan elektr energiyasi importi hajmining keskin qisqarishi ham sabab bo‘lmoqda.

Tojikistonda suv tanqisligi oqibatida joriy yilning 16 iyul kuni soat 02:33 da kuchlanishi 500 kV bo‘lgan «Regar» va «Surxon» podstansiyalarini bog‘lovchi tarmoq orqali import amaliyoti to‘xtatilgan va sutkalik o‘rtacha 12,0 million kVt.soatdan 0,3 million kVt.soatgacha kamaygan.

Qo‘shnilar bilan elektr energiyasi importi shartnomasi sentyabr oyigacha bo‘lganligi sababli yurtimizdagi issiqlik stansiyalariga iyul oyiga importni qoplash uchun yoqilg‘i ajratish ko‘zda tutilmagan va elektr stansiyalar uskunalari ta’mirlashga chiqarilgan edi.

Biroq hozirda elektr stansiyalariga ko‘zda tutilgan miqdordan 10–12 foiz ko‘p tabiiy gaz yetkazib berilmoqda. Issiqlik elektr stansiyalarimizda rejaga nisbatan 8 million kVt.soat va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 25–30 million kVt.soat ko‘p elektr energiyasi ishlab chiqarishga erishilmoqda.

Bundan tashqari, respublikamizda kuzatilayotgan suv tanqisligi sababli yurtimizdagi gidroelektrostansiyalarda o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 10–12 million kVt.soat kam elektr energiyasi ishlab chiqarilayotgani ham elektr energiyasi tanqisligini yuzaga keltirmoqda.

Mazkur vaziyatdan chiqish uchun «O‘zbekiston MET» aksiyadorlik jamiyati «Turkmenenergo» kompaniyasi bilan imzolagan shartnomaga ko‘ra, joriy yilning 28 iyulidan boshlab Turkmanistondan elektr energiyasini qabul qilishni boshlaydi.

«O‘zbekiston MET»  aksiyadorlik jamiyati axborot xizmati.