O‘zbekistonlik jihodchi 9 yilga qamaldi
O‘zbekiston Oliy sudi 33 yoshli andijonlik B.M.ni 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum etdi.
Ma’lum qilinishicha, fuqaro Moskva viloyatining Serpuxov rayoniga ishlash uchun borgan. 2011 yilning dekabr oyiga qadar farg‘onalik A. va andijonlik U. ismli shaxslar bilan birgalikda qurilish ishlarida ishlagan.
Ikki shaxs “Jihodchilar” diniy ekstremistik tashkilotining “Moskva jamoati” a’zolari bo‘lgan va ular asta-sekin B.M.ni “hijrat”, “jihod” qilishga da’vat etgan. Oqibatda B.M. ularga ergashib, “Jihodchilar” oqimining “Moskva jamoati” a’zosiga aylangan.
2011 yil dekabr oyida u Pokistonning Mir-Ali shahriga borib, “Turkiston islom harakati” xalqaro terroristik tashkilotiga qo‘shiladi.
Dastlab u jangarilar tayyorlash lagerida qurol-yarog‘ hamda portlovchi qurilmalar bilan ishlash usullarini o‘rganadi. So‘ngra 2012-2013 yillar davomida “Nosir” taxallusi ostida Pokiston hukumati qo‘shinlariga qarshi jangovar harakatlarda ishtirok etadi. “Turkiston islom harakati” tashkiloti Pokiston qurolli kuchlarining jiddiy qarshiligiga uchragach, 2014 yilning noyabr oyida ular Afg‘onistonga o‘tishadi.
2015 yilning oxirida B.M. “Islom davlati Xuroson viloyati” terroristik guruhi safiga qo‘shilib, 2016-2018 yillarda guruh a’zolariga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatish bilan shug‘ullanadi.
2019 yilning 3 aprel kuni B.M. O‘zbekistonga qaytarilgan va uning sodir etgan qilmishlari atroflicha ko‘rib chiqilgan.
Sud uni 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum etdi.