“O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi kattaqo‘rg‘onlik yoshlarga avtobus sovg‘a qilishga va’da berdi

Kattaqo‘rg‘on shahrida “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayevning yoshlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. 

Dastlab M.Abdullayev yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligi, ularni tadbirkorlikka jalb qilish, tashabbuslari, g‘oyalari va loyihalarini qo‘llab-quvvatlash borasida yurtimizda amalga oshirilayotgan xayrli ishlar haqida gapirdi.

Muloqotda yoshlar o‘z muammolari haqida murojaatlar yo‘lladi, takliflar bildirdi. So‘ngra ilm-fan, san’at, sport, madaniyat sohalarida yuqori natijalarga erishib kelayotgan, shuningdek “Yoshlar daftari”ga kiritilgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam ta’minlangan oila farzandlariga tikuv mashinalari, pishiriq pechlari va boshqa turdagi sovg‘alar topshirildi.

Shuningdek, uchrashuvda yoshlar o‘rtasida “Yosh musavvir”, “Yosh oshpaz” tanlovlari g‘oliblari aniqlandi va qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Uchrashuv yakunida M.Abdullayev yoshlarning turli sayohatlar, uchrashuvlarga borishlari uchun avtobusga ehtiyoj borligi borasida qilingan murojaatini inobatga olib, ularga bir dona avtobus olib berishini bildirdi.

Hilola Ergasheva.