O‘zboshimchalik bilan egallab olingan 150,6 gektar yer maydonlarini asl egasiga qaytarish choralari ko‘rildi
Yer uchastkalarini ajratish va ulardan foydalanish, shuningdek yerlarni hisobga olish va davlat yer kadastrini yuritish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan Kadastr agentligiga bir qator vazifa va vakolatlar berilgan.
Jumladan, yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazmaslik, yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish hamda davlat kadastrlarini yuritish tartibini buzish bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar faqat Kadastr agentligi organlari tomonidan ko‘rib chiqilishi belgilangan.
– Joriy yilning yanvar-fevral oylarida yer munosabatlari bilan bog‘liq qonunbuzilish holatlari yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda 411 holatda 150,62 gektar yer maydonlari o‘zboshimchalik bilan egallab olinganligi va yer qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi, – deydi Kadastr agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha bosh mutaxassisi Aziz Haitov. – Ushbu holatlarni bartaraf etish yuzasidan agentlikning tuman bo‘limlari tomonidan yer qonun buzilishini sodir etgan shaxslarga berilgan tushuntirish va yozma ko‘rsatmalar natijasida 136 holatda 42,93 gektar yer qonunbuzilish holatlari ixtiyoriy bartaraf etilib, dastlabki holatiga qaytarilishi ta’minlandi. Ammo ixtiyoriy bartaraf etilmagan 90 ta qonunbuzilish holati (13,79 gektar yer) bo‘yicha sud idoralariga noqonuniy qurilmani buzdirish va egallangan yer maydonini qaytarish yuzasidan da’vo arizalar kiritildi. 35 holat bo‘yicha prokuratura organlariga ma’lumotlar taqdim etildi.
Bundan tashqari, agentlik viloyat boshqarmasi tuman, shahar bo‘limlari tomonidan yilning dastlabki ikki oyida jami 466 holatda huquqbuzarliklar to‘g‘risida hujjatlar tuzilib, shundan 223 holatda ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilgan. Ushbu holatlar bo‘yicha qo‘llanilgan jarimalar umumiy summasi 6 milliard 47 million so‘mni tashkil etib, 343,2 million so‘mi ixtiyoriy to‘langan. 11 holat bo‘yicha 378 million so‘mlik jarimalarni undirishga oid ishlar Majburiy ijro byurosiga yuborilgan.