O‘zLiDeP 22 yilda: Partiya rivoji va rejalari taqdim etildi

O‘zLiDePning 22 yilligi munosabati bilan partiyaning Samarqand viloyat Kengashida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Partiya faollari, quyi bo‘g‘in vakillari, boshlang‘ich partiya tashkilotlari rahbarlari, mahalliy Kengash deputatlari, yoshlar va ayollar qanoti faollari ishtirok etgan tadbirda O‘zLiDeP viloyat Kengashi raisi Ilhom Botirov partiyaning 22 yillik faoliyati, viloyatdagi rivojlanish dinamikasi va ortiqcha yutuqlari haqida gapirdi.

Tadbirda partiyaning 2003 yildan buyongi yo‘li, saylovlardagi faol ishtiroki va elektorat orasidagi qo‘llab-quvvatlovi e’tirof etildi. Samarqand viloyatidagi boshlang‘ich partiya tashkilotlari soni 175 tadan 1500 tagacha, a’zolar soni esa 2061 nafardan 171 ming nafargacha oshgani qayd etildi. Bunday o‘sish partiyaning joylardagi nufuzi va fuqarolarning liberal-demokratik g‘oyalarga bo‘lgan ishonchining ortib borayotganini ko‘rsatadi.

Shuningdek, O‘zLiDePning viloyatda yoshlar va ayollar bilan olib borayotgan ishlari, xususan, “Yoshlar qanoti”ning 80 mingdan ortiq tadbirlari va “Ayollar qanoti” tashabbusi bilan amalga oshirilgan 50 mingdan ziyod loyihalar to‘g‘risida ma’lumotlar berildi. “Ishbilarmon ayol” tanlovining ayollar tadbirkorligini rivojlantirishdagi o‘rni alohida ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida yillar davomida partiya safida mehnat qilib kelayotgan faollar va deputatlar maxsus estalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.