Pandemiya davrida aholining qanchasi ishsiz qoldi, qanchasi ishga joylashdi?

- Pandemiya davrida viloyatimizda ishsizlik darajasi qanchaga oshdi?

- Viloyatda 2019 yil yakunida 148 423 nafar ishsiz qayd qilingan bo‘lsa, joriy yilning birinchi chorak yakuni bo‘yicha ishsizlar soni 155 925 nafarga yetdi. Ishsizlarning eng ko‘pi Samarqand shahri (23 280 kishi), Urgut (18 358 nafar) va Past Darg‘om (15 379 nafar) tumanlariga to‘g‘ri kelmoqda.

- Pandemiya davrida chet davlatlardan viloyatimizga qancha fuqaro qaytib keldi?

- Koronavirus kasalligining dunyo bo‘ylab tarqalishi sabab xorijda istiqomat qilayotgan fuqarolarimizning ko‘pchiligi ishsiz qolib, vatanga qaytdi. Joriy yilning may holatiga ko‘ra, viloyatimizga 25 327 nafar fuqaro chet davlatlardan uyiga qaytib keldi. Xorijdan qaytgan fuqarolarning eng ko‘pi Samarqand shahriga (5176 nafar), eng kami Qo‘shrabot tumaniga (195 nafar) to‘g‘ri kelmoqda.

- Chet davlatlardan qaytib kelgan fuqarolarning qanchasi ish bilan ta’minlandi?

- Viloyatimizga xorijdan qaytib kelgan fuqarolarning 5214 nafari ishga joylashtirildi. Masalan, Samarqand shahrida 1081 nafar, Urgut tumanida 596 nafar, Past Darg‘om tumanida 571 nafar fuqaro ishli bo‘ldi.

- Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qancha ish o‘rinlari yaratildi?

- Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun viloyatimizda jami 328 ta ish o‘rinlari yaratilgan.

- Pandemiya davrida qancha fuqaroga ishsizlik nafaqasi to‘landi?

- Ishsizlik nafaqasi yillik rejaga asosan 2277 nafar fuqaroga berilishi kerak edi. Pandemiya sabab shu davrgacha 2093 nafar fuqaroga ishsizlik nafaqasi tayinlandi. Tumanlar kesimida aytadigan bo‘lsak, eng ko‘p Samarqand tumani (353 nafar), eng kam Bulung‘ur tumani (70 nafar) fuqarolariga ishsizlik nafaqasi berildi.

- Karantin sabab ko‘plab fuqarolar ishidan ayrildi. Ishsiz va band bo‘lmagan fuqarolarga tadbirkorlik qilish uchun qancha subsidiya ajratildi?

- Aslida rejaga ko‘ra 714 nafar fuqaroga subsidiya ajratish ko‘zda tutilgandi. Pandemiya sabab fuqarolarni tadbirkorlik qilishga sharoit yaratish maqsadida 2537 nafar kishiga subsidiya ajratildi. Masalan, qishloq joylarida fuqarolarga shaxsiy tomorqalarida yengil konstruksiyali issiqxonalar o‘rnatish, urug‘liklar, ko‘chatlar va sug‘orish vositalari xarid qilish uchun yanvar-may oylarida jami 4 milliard 749 ming 200 so‘mlik subsidiyalar berildi.

Savollarga Samarqand viloyat bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i Muzaffar HOShIMOV javob berdi.