Payariqda olti oyda 349  holatda virusli gepatit "A" kasalligi aniqlangan

Payariq tumanida aholi salomatligini muhofaza qilish, yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish hamda sanitariya nazorati bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

Viloyat sanitariya-epidemiologik ocoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi tomonidan jurnalist va OAV vakillari mazkur tumanga  uyushtirilgan press-turda shu kabi savollarga javob izlandi.

Tumanda 2 ta shifoxona, 1 ta yuqumli kasalliklar bo‘limi, 2 ta poliklinika, 2 ta oilaviy poliklinika va 26 ta oilaviy shifokorlik punkti faoliyat ko‘rsatmoqda. Yil boshidan buyon sanitariya bo‘limi nazoratida 1353 ta ob’yekt ustidan nazorat va tekshirishlar olib borilgan.

- Aholi o‘rtasida yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligining  kengaytirilgan emlash dasturi (RPI) asosida  vaksinatsiya o‘tkazilmoqda, - deydi tuman sanitariya-epidemiologik ocoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘lim boshlig‘i Ma’ruf Burxonov. - Joriy yilning o‘tgan davrida 21 ming 985 ta kishi laboratoriya tekshiruvidan o‘tgan. Olingan epidemiologik retrospektiv tahlillar natijasiga ko‘ra, tumanda pnevmoniya, sil, entrobioz, virusli gepatitning "b", "s" va "d" ko‘rinishlari va boshqa turdagi yuqumli kasalliklar keskin kamaydi. Ammo 349 holatda virusli gepatit "a" kasalligi  aniqlanib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 93 taga oshdi.

Yuqumli kasalliklarning ayrim turlari rivojlanib ketgandan so‘ng aniqlanmoqda va bu kasallikning ko‘payishiga sabab bo‘lyapti. Bu kabi holatlarning oldini olish va kasallik yuqtirish darajasini tezroq aniqlash maqsadida yaqinda bo‘limimizda yangi laboratoriya tashkil qilishni rejalashtiryapmiz.

Press-tur davomida tuman sanitariya bo‘limi tomonidan maktabgacha ta’lim tashkilotlari va mahallalarda mahallabay ishlash tizimi asosida  amalga oshirilgan ishlar ko‘zdan kechirilib, ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.