Pilla yetishtiruvchiga 50 ta tovuq beriladi
Prezidentimizning 2018 yil 4 dekabrdagi qarori bilan joriy yildan respublikamizda pillachilik tarmog‘ini rivojlantirish borasidagi muhim vazifalar belgilab berilgandi. Jumladan, 2019 yildan shartnomada belgilangandan ko‘p hosil topshirganda, 5 kilogramgacha ortiqcha pilla uchun xarid narxiga nisbatan 15 foiz, 5 kilogramdan yuqori bo‘lgan qismiga 25 foiz miqdorida ustama to‘lanishi belgilangan.
Viloyatimizda ham pilla boquvchilarni rag‘batlantirish maqsadida 7500 xonadon tanlab olindi va ularning har biriga 50 donadan jami 375 ming dona 90 kunlik parranda hamda har bir xonadonga 200 donadan jami 1 million 500 ming dona tut ko‘chatlari yetkazib beriladi. Xatlovdan o‘tkazilgan 6 ming 600 gektar tutzor viloyat "Agropilla" mas’uliyati cheklangan jamiyati hisobiga doimiy foydalanish uchun berildi. Ushbu tutzorlar viloyatimizdagi 7 ta pillani qayta ishlash korxonasiga ijara asosida bepul foydalanish uchun 5 yil muddatga ajratildi. Ular esa joriy yilda 705 ming dollarlik 46 ta qurtxona qurishlari belgilandi. Sohadagi yana bir yangilik sifatida "Samarqand Tian Zhu Silk Worm" Xitoy qo‘shma korxonasi tashkil etilganligini aytish mumkin. Bu yangi korxona viloyatimizga xorijdan keltiriladigan naslli pilla qurti urug‘ining mahsuldor zotlarini shu yerning o‘zida tayyorlashga xizmat qiladi. Buning uchun Jomboy, Past Darg‘om va Samarqand tumanlaridan korxona uchun yer maydonlari ajratilib, naslli urug‘lik pilla tayyorlash ishlari olib borilmoqda.
Xayrulla BERDIYEV,
viloyat qishloq xo‘jalik boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i.