“Putin uchun g‘alaba”. "Ozodlik" radiosi yopilmaydi. 3 milliard yevrolik ekotomosha: Germaniya ishlayotgan issiqlik elektr stansiyasi portlatilmoqda

🔹 Donald Tramp intervyusida Saudiya Arabistonida Ukraina bo‘yicha muzokarada muvaffaqiyatga erishilganini aytdi. Jahon OAV Qora dengizdagi o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni bir ovozdan «Rossiya g‘alabasi» deb baholamoqda. AQSh vositachiligida uch yilda imzolangan kelishuv Ukrainaga cheklangan foyda keltiradi, hujumini davom ettirayotgan Rossiyadan esa qandaydir imtiyoz ololmaydi. AQSh Rossiya va Ukraina o‘rtasida dengiz sulhiga kelishdi. Ammo kelishuv Tramp ma’muriyati taklif qilgan shartlar, masalan, 1000 kilometrlik front chizig‘i bo‘ylab 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatishni o‘z ichiga olmadi. Bu rejani Kiyev qo‘llab-quvvatladi, lekin Moskva rad etdi. Rossiya dengizda o‘t ochishni to‘xtatish va energetika infratuzilmasiga hujumlarni taqiqlashdan ham ko‘proq manfaatdor.

🔹  Qirg‘iziston Milliy banki banklar va valyuta ayirboshlash shoxobchalariga maydan boshlab “oq”, ya’ni 2006 yilgacha chiqarilgan AQSh dollarini ayirboshlash uchun komissiya puli undirishga ruxsat berdi. 

🔹 Armaniston parlamenti Yevropa integratsiyasining boshlanishi to‘g‘risidagi va mamlakatning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi haqidagi qonunlarni yakuniy o‘qishda qabul qildi.

🔹 AQSh Federal sudi Tramp ma’muriyatiga Ozod Yevropa/Ozodlik radiosini yopishni vaqtincha to‘sib qo‘ydi va media korporatsiyani mablag‘dan chiqarishga urinishlar asossiz va qonunni buzishi mumkin, degan qarorga keldi. Avvalroq YeI zarurat tug‘ilsa, “Ozodlik” radiosini moliyalashtirishni o‘z zimmasiga olishi mumkinligini bildirgan edi.

🔹 AQSh Filippinda raketa tizimini joylashtirdi, bu esa Xitoyning yirik harbiy va sanoat ob’yektlariga zarba berish masofasini yaqinlashtirdi. Xitoy g‘azabda va buni provokatsiya, deb javob choralari bilan tahdid qilmoqda.

🔹 Falastin milliy ma’muriyati rahbari Mahmud Abbos boshchiligidagi FATH harakati Falastin xalqi xavfsizligi uchun HAMAS guruhini G‘azo sektoridagi nazoratdan voz kechishga chaqirmoqda.

🔹 Gamburgda nemis hukumati Yevropadagi eng zamonaviy ko‘mir yoqilg‘isida ishlaydigan elektr stansiyalaridan biri — Murburgni portlatmoqda. Stansiya 2015 yilda 3 milliard yevro evaziga qurilgan, 1654 megavatt quvvatga ega (butun Gamburgni quvvatlantirish uchun yetarli). U bor-yo‘g‘i olti yil ishlab, "yashil kun tartibi" bosimi ostida to‘xtatildi. Nemislarda savol: bu haqiqatan ham oqilona energiya strategiyasimi? Yoki shunchaki qimmat eko-shoumi?

G.Xoldorova tayyorladi.