“Qalqon” “Yosh qutqaruvchi” musobaqasining respublika bosqichiga boradi

Samarqand shahar Suluv shaharchasida maktab o‘quvchilari o‘rtasida “Yosh qutqaruvchi” musobaqasining viloyat bosqichi o‘tkazildi.

Unda barcha shahar va tumanlar bosqichida g‘olib bo‘lgan 16 jamoa besh shart bo‘yicha bellashdi. Jumladan, insonni elektr toki urganda, cho‘kayotganda va vayronada qolganda uni qanday qutqarish, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, dor yo‘lida osilgan holda va yurib o‘tish, belgilangan vaqtda platka tayyorlash, favqulodda vaziyatlarda qanday harakat qilish, qutqaruv anjomlaridan qay holatda foydalanish, arqonlarni bog‘lash, belgilangan balandlikka arqon orqali ko‘tarilish kabi shartlarda o‘quvchilar mahoratlarini ko‘rsatishdi.

Murosasiz o‘tgan bahs yakuniga ko‘ra, Toyloq tumanidagi 17-maktabning “Qalqon” jamoasi birinchi o‘ringa sazovor bo‘lib, kubokni egalladi, endi ular musobaqaning respublika bosqichida qatnashadi.

Bellashuvda ikkinchi o‘rinni Paxtachi tumanidagi 17-umumiy o‘rta ta’lim maktabining "Yosh qutqaruvchilar" va Urgut tumanining 84-maktabi o‘quvchilaridan tashkil topgan “Temurbeklar” jamoasi, uchinchi o‘rinni Oqdaryo tumanidagi 40-maktabning “Qalqon” jamoasi egalladi.

Bugun, 15 aprel kuni mazkur musobaqaning kasbiy ta’lim maktablari o‘rtasidagi bahsi ham o‘tkaziladi. 

Husan Eltoyev.