Prokurorlar 2 588 nafar shaxsning buzilgan huquqini tikladi

Avval xabar qilinganidek, Samarqand viloyat prokuraturasida qonun ustuvorligini ta’minlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, aholining huquqiy savodxonligini yanada oshirish, prokuratura organlari faoliyatida ochiqlikni ta’minlashga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.

Respublika va viloyat ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar hamda viloyat prokuraturasi xodimlari ishtirok etgan anjumanda Samarqand viloyat prokurorining birinchi o‘rinbosari Sirojiddin Eshquvvatov mavzu yuzasidan ma’lumot berdi.

Ta’kidlanishicha, viloyatda 10 oy davomida o‘tkazilgan tekshirishlarda aniqlangan qonunbuzulish holatlari bo‘yicha 6045 ta prokuror nazorati hujjatlari qo‘llanilgan. 4965 nafar shaxs intizomiy, ma’muriy va moddiy javobgarlikka tortilgan. Jiddiy qonun buzilishi holatlari yuzasidan 67 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Yetkazilgan 1 milliard 89,4 million so‘mlik zararlar ixtiyoriy undirilgan. Sudlarga 5,7 milliard so‘mlik 525 ta da’vo arizalari kiritilgan. 2 588 nafar shaxsning buzilgan huquqlari tiklangan.

- Prokurorlar tomonidan “Har bir oila – tadbirkor” va boshqa davlat dasturlari asosidagi kredit mablag‘larini o‘z vaqtida ajratish nazoratga olingan, - deydi S.Eshquvvatov. – Shu bilan birga, olingan kreditlarni maqsadli ishlatilishi ham alohida e’tiborimizda. Muammoli va maqsadsiz ishlatilgan kredit bo‘yicha 84 ta prokuror nazorati hujjatlari qo‘llanilgan, 279,7 milliard so‘mlik muammoli kreditlarning 186,6 milliard so‘mi yoki 66,7 foizi undirildi.

Shuningdek, matbuot anjumanida yil boshidan buyon viloyat prokuraturasi qabulxonasiga 34 268 ta murojaatlar kelib tushgani, shundan 21 244 tasi bevosita prokuratura xodimlari tomonidan hal qilingani, 2 168 tasi qanoatlantirilib, 1 239 nafar fuqaroning huquqlari tiklangani aytildi.

Anjuman davomida jurnalistlar savollariga soha mutaxassislari tomonidan javoblar qaytarildi.

Yil yakunigacha jurnalist va blogerlar o‘rtasida mini futbol bo‘yicha “Prokuror kubogi” musobaqasini o‘tkazishga kelishib olindi.

H.Eltoyev.