Qo‘shrabot maktablariga ko‘mir tarqatilgan, ammo sinflar sovuq
Olis hududlardagi maktablarning kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holatini o‘rganish maqsadida Qo‘shrabot tumanida bo‘ldik. Tumanda bugun 88 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi bo‘lib, 25806 nafar o‘quvchi ta’lim oladi. Maktablarning 5 tasi gazlashgan, qolgan 83 tasi ko‘mir bilan isitiladi.
- Bu yil 3300 tonna ko‘mir oldik va maktablarga tarqatdik, - dedi tuman xalq ta’limi bo‘limi mutaxassisi Mahmud Sayfiyev. – Maktablar uchun 42 ta isitish qozonlari xarid qilindi. Ularni 17 ta maktabda muddatini o‘tagan, ishdan chiqqan qozonlar o‘rniga o‘rnatdik. Qishga tayyorgarlik bo‘yicha bizda bitta muammo bor, isitish qozonlariga o‘rnatiladigan mo‘rikonlar bir mavsumga yetmaydi. Sababi, mo‘rilar oddiy tunukadan yasaladi, tinimsiz olov yoqilganidan tez yemirilib ketadi. Qish mavsumi tugamasdan yana boshqa mo‘ri o‘rnatishga majbur bo‘lamiz. Mo‘rilar uchun azbest quvurlari o‘rnatilsa, ancha vaqtga chidaydi.
Dastlab Quvkalla mahallasidagi 87-umumiy o‘rta ta’lim maktabida bo‘ldik. Qir bag‘ridagi maktabda 217 nafar o‘quvchi tahsil oladi.
- Bu yil qish mavsumiga 50 tonna ko‘mir oldik, - dedi maktab direktori Boytemir G‘aniyev. – Maktabimizda yettita isitish qozoni bo‘lib, shu yil oltitasini yangiladik. Bittasi filialimizga o‘rnatilgan. Filialimiz qirning orqa tomonida joylashgan, unda 12 nafar o‘quvchi boshlang‘ich sinfda o‘qiydi.
Maktab direktorining xonasi sovuq ekan, 15 daqiqadan ortiq o‘tirolmadik. Sinflar ham sovuqligidan o‘quvchilar qishki kiyim-boshda o‘tirib, dars tinglayapti. Hatto o‘qituvchi ham paltoda. “Nega shuncha ko‘mir olib, sinflarni isitmayapsiz?”, degan savolimizga “Hali xalq ta’limidan buyruq berilgani yo‘q. Bizga 15 noyabrdan maktabni isitasizlar, degandi”, deb javob berdi direktor.
Tumandagi 70-umumiy o‘rta ta’lim maktabida ham shunday holatga duch keldik. Maktabga 35 tonna ko‘mir berilgan, ammo sinflar sovuq, isitish qozonlari yoqilmagan. 2017 yilda qurilgan 270 o‘rinli maktabda 338 nafar o‘quvchi ta’lim oladi.
Ikkala maktabda ham isitish batareyalari faqat sinflarga o‘rnatilgan, koridorlarda birorta ham batareya yo‘q. Sinflar qishda isitilgani bilan koridorlar isimasa, foydasi yo‘q. Olis hududlardagi maktablarning aksariyatida mana shu muammo, hech kim koridorda isitish batareyalari o‘rnatishni o‘ylamaydi.
Zarkent qo‘rg‘onida joylashgan 26-umumiy o‘rta ta’lim maktabi 652 o‘rinli bo‘lib, bugun unda 1238 nafar bola o‘qiydi. Maktabga Boyto‘p, Zarmitan, Zarkent mahallalaridan o‘quvchilar keladi.
- Maktabimizga 70 tonna ko‘mir berildi, - dedi maktab direktori O‘ktam Bo‘riyev. – Bu yil yettita isitish qozonimizning uchtasini yangiladik. Xalq ta’limi bo‘limi 15 noyabrdan isitishga ruxsat beradi. Hozircha sinflarni isitganimiz yo‘q.
Uchta maktabda ham bir xil holatga duch keldik. Maktablarga yetarlicha ko‘mir berilgan, ammo xonalar sovuq bo‘lsa ham “tepadan” buyruq berilmagani bois qozonlar yoqilmagan. Usti loy bilan suvab qo‘yilgan ko‘mirxonalardan hali ko‘mir olinmagan.
Qo‘shrabot tumani mas’ullari viloyat hokimi E.Turdimovning viloyat hududida ijtimoiy soha ob’yektlari hamda turarjoy binolarini isitish mavsumi 2022 yilning 24 oktyabr kunidan boshlanishi to‘g‘risida farmoyishidan bexabar ko‘rinadi. Aks holda, tuman maktablarida bolalar sovuqda ta’lim olmasdi.
Xurshida Ernazarova.