Registonning yashil makoni

Registon maydoni – qadimiy va hamisha navqiron Samarqand shahrining me’morchiligi, hunarmandchiligining go‘zal va noyob namunasi.

Bu yerdagi Mirzo Ulug‘bek, Tillakori va Sherdor madrasalari asrlar silsilasiga dosh berib keldi. Mamlakatimiz mustaqilligi yillarida Registon ansambli yanada ko‘rk ochdi. Respublikamiz  Hukumatining qarorlari qabul qilinib, davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘lar evaziga maydon va uning obidalari tubdan ta’mirlandi, atrofi obodonlashtirildi. Sayyohlar uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratildi. Kirish-chiqish tartibga solindi, sovg‘alar do‘konlari ochildi, dam olish uchun o‘tirg‘ichlar o‘rnatildi.

Respublikamizda ma’qullangan “Yashil makon” dasturi doirasida o‘tkazilgan “Daraxt va gul ko‘chatlari o‘tqazish kuzgi mavsumi”da jamoamiz ham faol qatnashib, Registon maydoni atrofiga 10 ming tupdan ortiq gul ko‘chatlari ekildi.

Eng e’tiborlisi shundaki, bu yerda mamlakatimizga tashrif buyurgan xorijiy davlatlar siyosiy rahbarlari tomonidan ekilgan daraxtlar alleyasi paydo bo‘ldi. Yaqinda Fransiya Respublikasining Prezidenti Emmanyuel Makron O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan birgalikda o‘tqazgan daraxt ko‘chati alohida parvarish qilinmoqda.

Ilgari ushbu maydonda Turkiya, Qozog‘iston, Vengriya, Ozarbayjon, Turkmaniston, Qirg‘iz Respublikasi kabi qator davlatlar rahbarlari o‘z qo‘llari bilan ekkan daraxtlar baravj o‘smoqda.

Ushbu alleya ham Registon ansambli husniga-husn qo‘shib, shahrimiz mehmonlari va sayyohlarining e’tiborini tortib, ularning qiziqishini uyg‘otmoqda hamda xalqimizning turli millatli aholi bilan do‘stlik rishtalarini mustahkamlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Farangiz JABBAROVA,

“Registon” ansambli gid-ekskursiyachisi.