Rossiya IIV O‘zbekistonning 150 ming fuqarosiga Rossiyaga kirishga ruxsat berdi
Rossiya Federatsiyasi ichki ishlar vazirligi taqiqi bo‘lgan 150 ming o‘zbekistonlik va 150 ming tojikistonlik mehnat migranti uchun mamlakatga kirishga ruxsat berdi.
Rossiya migrantlar federatsiyasi rahbari Vadim Kojenovning ma’lum qilishicha, yuqoridagi migrantlar toifasiga faqat Ichki ishlar vazirligi tomonidan taqiq qo‘yilgan fuqarolar kiradi. Sud qarori bilan taqiqqa tushgan fuqarolar uchun Rossiya chegarasi belgilangan muddatga qadar yopiq hisoblanadi.
Amnistiyaga tushgan fuqarolar joriy yil 18 avgust kuni ma’lumotlar bazasidan olib tashlangan. Shu bilan birga, fuqaro unga mamlakat hududiga kirishga ruxsat berilganiga ishonch hosil qilish uchun Ichki ishlar vazirligi saytidan ma’lumotlarni tekshirib ko‘rishi maqsadga muvofiq.
Shuningdek, migratsion ro‘yxatdan o‘tgan, lekin ruxsat beruvchi hujjatlarini joriy yil 30 sentyabrgacha uzaytirishga ulgurmagan mehnat migrantlari shu yilning 30 dekabrigacha hujjatlarini rasmiylashtirishi mumkin.