Rossiya-NATO munosabatlari keskinlashgani sababli Shvetsiya mudofaani kuchaytirmoqda

Shvetsiya Rossiya va NATO o‘rtasidagi munosabatlarning keskinlashuvi tufayli Gotland orolida patrul xizmatini kuchaytirmoqda. O‘tgan kuni kechqurun mamlakat Qurolli kuchlari orolga maxsus bo‘linma joylashtirdi.
Endilikda ma’muriy markaz – Visbyu shahri ko‘chalarida armiyaning kuchaytirilgan bo‘linmalari va zirhli transportyorlarda harbiy xizmatchilar patrullik qilmoqda. Umuman olganda, ko‘chalarda o‘nlab zirhli texnika va o‘nlab askarlarni ko‘rish mumkin.
Rossiyaning Kaliningrad shahridan 330 kilometr uzoqlikda joylashgan Gotland oroli strategik ahamiyatga ega. 2019 yilda Shvetsiya bu yerda yangilangan «yer-havo» raketaga qarshi mudofaa tizimini joylashtirgan edi.
Shvetsiya qo‘shinlarining tashlanishi Ukraina davlat saytlariga xakerlar hujumi sodir bo‘lgan paytga to‘g‘ri keldi. Hammasi bo‘lib 70 ga yaqin internet-resurslar, jumladan, Ukraina Tashqi ishlar vazirligi, shuningdek, Ta’lim va fan vazirligi saytiga zarar yetkazilgan. Kiyev Rossiyani kiberhujumda gumon qilmoqda.
"Biz ularning izlarini aniq ko‘rib turibmiz. Buning ortida rossiyalik mutaxassislar turibdi... Men bunga 99 foiz aminman", - deydi Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Aleksey Danilov.
10-13 yanvar kunlari Rossiya va AQSh, NATO hamda Yevropa Xavfsizlik va hamkorlik tashkloti o‘rtasida xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha uch raundli muzokaralar bo‘lib o‘tgan bo‘lsa-da, muayyan kelishuvlarga erishilmadi.
Moskva va Vashington ko‘plab masalalarda deyarli hal qilib bo‘lmas kelishmovchiliklarga duch kelmoqda. Kreml Ukraina hech qachon NATOga qo‘shilmasligiga kafolat berishni talab qilmoqda. Agar AQSh va uning ittifoqchilari bu talabni bajarmasa, Rossiya prezidenti Vladimir Putin Moskva ayrim “harbiy-texnik choralar” ko‘rishi haqida ogohlantirdi.