Sport xabarlari

Og‘ir atletika

Toshkent shahrida o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida og‘ir atletika bo‘yicha Osiyo chempionati bo‘lib o‘tdi.

Bir hafta davom etgan musobaqada samarqandlik sportchilar Og‘abek Nafasov 1 ta kumush, 1 ta bronza, Xojiakbar Olimov 3 ta kumush, Doniyor Hamidov 3 ta bronza va Azimjon Xojiyev 2 ta bronzaga ega chiqdi.

Ahror ShAMSIYeV.

Aykido

Samarqand shahrida viloyat aykido markazi tomonidan seminar mashg‘ulotlari o‘tkazildi.

Uch guruhda 70 nafarga yaqin shug‘ullanuvchilarga markaz raisi, 4-dan qora belbog‘ sohibi Farrux Ashrafov tomonidan ushbu sportning yangi yo‘nalishlari va usullarini o‘rgatdi.

Tadbir davomida shug‘ullanuvchilar orasida eng yoshi ulug‘, ya’ni 71 yoshli Sharif Sharapovga ko‘p yillardan buyon aykido bilan shug‘ullanib kelayotgani va ko‘plab shogirdlar tayyorlagani hisobga olinib, ko‘k belbog‘ topshirildi va xalqaro budo pasporti berildi. Endi Sharif aka rasman murabbiylik faoliyati bilan shug‘ullanish xuquqiga ega bo‘ldi.

Ma’lumot o‘rnida, Samarqand viloyati aykido markazi shug‘ullanuvchilari shu yilning o‘zida ikki marta xalqaro seminarda katnashadi. Aprel oyida Qazog‘iston Respublikasining Olmaota shahrida hamda noyabrda Samarqand shahrida xalqaro seminar o‘tkaziladi.

Taekvondo ITF

Samarqand shahrida “Biz – gayohvandlikka qarshimiz” shiori ostida taekvondo ITF bo‘yicha 7 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan rangli va qora belbog‘ sohiblari o‘rtasida viloyat ochiq birinchiligi o‘tkazildi.

Musobaqada viloyatimiz sportchilaridan tashqari, Sirdaryo, Qashqadaryo, Surxondaryo va Boxoro viloyatlaridan 300 nafardan ortiq yoshlar ishtirok etdi.

Yakunda umumjamoa hisobida samarqandliklar birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlar Buxoro hamda Surxondaryo viloyati sportchilariga nasib etdi.

Gimnastrada

Samarqand shahridagi 2-bolalar-o‘smirlar sport maktabida viloyatimizning 8 ta shahar va tumanlaridan 100 nafarga yaqin tadbirkor xotin-qizlar o‘rtasida “Gimnastrada” sport festivali viloyat bosqichi o‘tkazildi.

Sport tadbiridan maqsad xotin-qizlarni sportga, ayniqsa, ommaviy sportga keng jalb etish va ularni sog‘lom turmush tarziga targ‘ib qilish bo‘ldi. Yakunda bulung‘urlik xotin-qizlar eng namunali jamoa naminatsiyasi bo‘yicha g‘oliblikka munosib topildi.

 

Basketbol

Samarqand shahridagi sportning o‘yin turlari va yengil atletika bo‘yicha ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabida 2006-2007 yillarda tug‘ilgan o‘g‘il va qizlar o‘rtasida viloyat chempionati o‘tkazildi.

Viloyatimizning barcha huddudlaridan 20 ta jamoa orasidan qizlar bahsida Samarqand shahri birinchi, Bulung‘ur hamda Urgut tumani qizlari ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni egalladi.

O‘g‘il bolalar bellashuvida Samarqand shahri birinchi o‘ringa loyiq ko‘rilgan bo‘lsa, pastdarg‘omliklar ikkinchi va bulung‘urliklar uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.

Husan ELTOYeV.

O‘zbek jang san’ati

Toshkent shahrida o‘zbek jang san’ati bo‘yicha o‘smirlar va kattalar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati o‘tkazildi.

“JAR” sport majmuasida bo‘lib o‘tgan musobaqada respublikamizning barcha viloyatlaridan 500 nafarga yaqin eng mahoratli sportchilar ishtirok etdi. Nufuzli bellashuvda viloyatimizdan 48 nafar terma jamoa a’zolari gilamga chiqdi. Murosasiz kechgan bahs yakuniga ko‘ra, sportchilarimiz 5 ta oltin, 7 ta kumush va 10 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdi.

Shuningdek, g‘olib sportchilar joriy yilning aprel oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Osiyo chempionatida ishtirok etish yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Jamil YuSUPOV.