"Salom, Sardoba, biz birgamiz!" aksiyasida kariyb 70 million so‘m to‘plandi

Adliya vazirligi va «Yuksalish» umummilliy harakati tomonidan «Salom, Sardoba, biz birgamiz!» xayriya aksiyasi amalga oshirilmoqda.

Toshkent shahrida xayriya yordamini qabul qilish punkti ochilgan. Bugunning o‘zida poytaxt aholisi 1000 nafardan ziyod odamga mo‘ljallangan bolalar va kattalar ustki kiyimlari, ko‘rpa-to‘shak va yostiqlar, oyoq-kiyim, idish-tovoq, gigiyena vositalari, oziq-ovqat mahsulotlari, bolalar o‘yinchoqlarini olib kelishdi. Ko‘ngillilar barcha narsalarni yig‘ib, Sirdaryo viloyatiga jo‘natish uchun tayyorlab qo‘ydilar.

Bundan tashqari, maxsus ochilgan hisob raqami (2021 2000 1009 8189 5003)ga befarq bo‘lmagan fuqarolarimiz, xorijdagi vatandoshlarimiz, biznesmenlar, turli tashkilot va korxonalardan pul mablag‘lari kelib tushmoqda. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, umumiy hisobda 70 million so‘m mablag‘ kelib tushgan.

Yig‘ilgan mablag‘larga zarur iste’mol tovarlari, oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmonlar hamda boshqa buyumlar sotib olinadi.