Samarqandlik san’atkorlar Sardobaga 40 million so‘mlik turli mahsulotlar jo‘natdi

Xalqimizning hamjihatligi, birdamligi el boshiga tashvish tushganda bilindi. Shu ma’noda Sirdaryo viloyati Sardoba tumanida ro‘y bergan tabiiy ofat samarqandlik madaniyat va san’at sohasi xodimlarini ham befarq qoldirmadi.

Bugun viloyat madaniyat boshqarmasi tashabbusi bilan “O‘zbekkonsert” va O‘zbekiston davlat filarmoniyasi viloyat bo‘limlari, teatrlar, 16 ta shahar va tuman madaniyat bo‘limlari, 30 ta bolalar musiqa va san’at maktablari o‘qituvchi va xodimlari, xonandalar, aktyorlar, musiqachilar birgalashib, Sardoba tumaniga ikkita “Isuzu” yuk mashinasida qariyb 40 million so‘mlik kiyim-kechak, ko‘rpa-to‘shak, ro‘zg‘or buyumlari va oziq-ovqat mahsulotlari jo‘natdilar.

Tabiiy ofatdan jabr ko‘rgan Sardoba tumani aholisiga eng zarur, birinchi navbatda kerak bo‘ladigan mahsulot va ashyolarni to‘plash viloyat madaniyat boshqarmasi tizimidagi tashkilot va muassasalarda davom etmoqda.