Samarqandda jonli ijro aytadigan san’atkor bormi?
Biz nima uchun bugun jonli ijro haqida ko‘p gapiramiz. Qalblarni larzaga soluvchi bunday ijrolarni sog‘inamiz. Chunki ohanglari bilan dillarga huzur bag‘ishlovchi bunday ijrolar afsuski, keyingi paytda kamayib ketdi. Odamlar jonli ijro nima ekanligini unutib ham qo‘ydi. Nega?
- Oldinlari to‘ylarga borib, hofizlarning jonli ijrodagi qo‘shiqlarini eshitib maza qilardik, - deydi buvim. – Qishloq aholisining madaniy hordiq chiqaradigan joyi to‘ylar edi. Bugun to‘yga borsang, ashuladan emas, shovqindan boshing og‘riydi.
Amerikalik xonanda Ronni Jeyms Dio “Fonogrammada berilgan konsertga kserokopiya qilingan pul to‘lash kerak”, degan edi. Haqiqatdan ham fonogramma orqali qo‘shiq eshitasiz, ammo misralarning mag‘zini, san’atkorning dardini his qilmaysiz. Xo‘sh, bugun viloyatimizda san’atkorlarimiz jonli ijroda qo‘shiq kuylashga tayyormi?
- 2020 yil 26 may kuni Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan «Madaniyat va san’at sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni aynan jonli ijroda kuylaydigan san’atkorlarimizning muammolariga yechim bo‘ldi, – deydi O‘zbekiston davlat filarmoniyasi viloyat bo‘limi rahbari Jahongir Niyozov. - Bu ham o‘z navbatida, unut bo‘layotgan milliy ohanglarimizga, musiqamizga yana qayta hayot baxsh etadi. Bugungi kunda O‘zbekiston davlat filarmoniyasi viloyat bo‘limida 10 nafar xonanda, 8 nafar raqqosa va 10 nafar sozanda faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, ularning barchasini hech ikkilanmay jonli ijroda o‘z san’atini namoyish etadigan iste’dod egalari, deya olaman. Jonli ijrodagi konsertlar 40-50 kishining mehnati mahsuli. Uning ortida mashg‘ulotlar, tinimsiz izlanishlar, o‘z ustida ishlash va albatta, moliyaviy imkoniyatlar yotadi. Chunki san’atkor konsertdan foyda olmaydi, u shundan zavqlanadi, o‘z mehnatini xalqqa namoyish etadi, imtihon topshiradi. Karantin davrida ham san’atkorlarimiz bo‘sh o‘tirmay turli onlayn tanlovlarda qatnashdi, ijod mahsullaridan lavhalar tayyorlab telegram kanalimizda doimiy joylashtirib bordi. Yaqinda Samarqand viloyat teleradiokompaniyasida “Ashula va raqs” ansamblimizning “Sog‘inch” deb nomlangan galakonsertini namoyish etdik. E’tiborlisi, bo‘limimiz xonandalari tomonidan eng sara qo‘shiqlar jonli ijroda kuylandi.
Samarqandlik xonanda Xushnud Eshto‘xtayev karantin davrida ajoyib tashabbus bilan chiqdi. O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Samarqand viloyati bo‘limi xonandasi viloyat teleradiokompaniyasi bilan hamkorlikda uyida onlayn konsert namoyish etdi. Xorazm, milliy va estrada yo‘nalishlarini uyg‘un holda ijro etadigan iste’dodli san’atkorning konserti ko‘pchilikka manzur bo‘ldi.
- Fonogrammada qo‘yilgan konsertni futbol maydoniga o‘xshataman, - deydi X.Eshto‘xtayev. – O‘yin davomida belgilangan qoidalardan chiqib keta olmaysiz. Kuy, ohang esa chegara bilmaydi. Qanchalik jo‘shib kuylasangiz, insonlar qalbini shuncha tez zabt etasiz. Otam Haydarali To‘xtayev qo‘shiqlarni maromiga yetkazib ijro etardi. Yoshligimdan san’atkorlar davrasida katta bo‘lganim uchun bu sohaning mashaqqatlarini ham, mas’uliyatini ham, joyi kelsa, muvaffaqiyatlarini ham yaxshi bilaman. Bitta konsert qo‘yish uchun xonandadan qancha mablag‘ sarflanishi shu sohada ijod qilayotganlarga begona emas. Ijara to‘lovi, sozandalar, raqqosalar, sahna bezagi, boshlovchi, sahna ortidagi xizmatlarni aytmay qo‘ya qolay. Ammo shunda ham jonli ijroning zavqini bilgan xonanda bitta tor bilan bo‘lsa ham kuylaydi. Karantin davrida ham ijod qilib, “Vatan” (Safo Ochil she’ri) va “Ona” (Qadam Saidmurodov she’ri) nomli qo‘shiqlar yozdim va onlayn konsertimda ijro etdim.
Bugun xalqimiz jonli ijrolarni sog‘indi. Telekanallar orqali namoyish etilayotgan ma’nosiz, bachkana qo‘shiqlardan charchadi. Jonli ijroni qadrlaydigan va bu yo‘lda ijod qiladigan san’atkorlarimiz hali ham bor.
Nasiba JONTO‘RAYeVA.