Samarqandda jonli ijroda kuylaydigan san’atkorlar ko‘p

Yurtimizda, qolaversa, viloyatimizda musiqa san’ati qadimdan rivojlangan. Tarixchi Sharofiddin Ali Yazdiy “Zafarnoma” asarida Sohibqiron Amir Temur saroyida o‘tkaziladigan musiqiy anjumanlar haqida shunday qayd etadi: “Yaxshi ovozli xonandalar kuylashni boshlab, g‘azalu naqsh aytur erdilar. Va turku uyg‘ur, mo‘g‘ulu xitoy, arabu ajamdin har kim o‘z rasmi bilan nag‘ma aytur erdi”.

Shu o‘rinda 1852-1936 yillarda Samarqandda yashab ijod qilgan taniqli bastakor, betakror ovoz sohibi, o‘zbek maqom san’ati rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan Hoji Abdulaziz Abdurasulovni eslash o‘rinli. U kishi yaratgan, jonli ijroda kuylagan “Guluzorim”, “Gullar bog‘i”, “Beboqcha” “Bozurgoniy”, “Samarqand ushshog‘i” kabi yuzlab qo‘shiqlar mumtoz musiqa merosimizning eng noyob asarlari qatoridan joy olgan.

“Shashmaqom”ni o‘rganish va keng targ‘ib etishda Hoji Abdulaziz Abdurasulovning xizmati katta bo‘lgan. Qolaversa, O‘zbekiston xalq artisti Yunus Rajabiy ham uning Samarqanddagi xonadonida yashab, mashhur hofizdan saboq olgan.

Bugungi kunda O‘zbekiston filarmoniyasi viloyat bo‘linmasi, madaniyat boshqarmasi qoshidagi “Maqom” ansambli, ko‘plab xonandalar ustoz san’atkorning boy ilmiy va badiiy merosini o‘rganish va davom ettirish barobarida, mashhur hofizning qo‘shiqlarini mehr bilan kuylashmoqda.

Yaqinda Zarnews.uz saytida “Zarafshon” gazetasi muxbiri Nasiba Jonto‘rayevaning  “Samarqandda jonli ijroda aytadigan san’atkor bormi?” sarlavhali maqolasi e’lon qilindi.

To‘g‘ri, avvallari hofizlarimiz jonli ijroda kuylaganlari bois “jonli ijro”  yoki  “fonogramma” degan iboralar yuritilmasdi. Endi reklamalarda ham “Qo‘shiqlar jonli ijroda kuylanadi” yoxud buning aksi – “...fonogrammadan foydalaniladi”, deb ogohlantiradi.

Inson zoti tabiatan soddalik, yengillik va osonlikka intiladi. Texnika asri imkoniyatlari oshgani sayin ayrim san’atkorlar fonogrammadan ko‘proq foydalanayotgani hech kimga sir emas. Ammo yaxshi narsaning yomon tomoni ham bor, deganlaridek fonogramma haqiqiy iste’dodning ro‘yobiga aksariyat hollarda to‘sqinlik qilmoqda. Bugun muxlislar orasida jonli ijroni sog‘inganlar ko‘p. Oldinlari to‘ylarimizda san’atkorlarimiz jonli ijroda qo‘shiqlar kuylab, xalqning olqishiga sazovor bo‘lardi. Bugun esa tayyor musiqani qo‘yib, og‘zini qimirlatib, konsert berayotganlar ham yo‘q emas.

Maqola muallifi “Samarqandda jonli ijroda aytadigan san’atkor bormi?” sarlavha ostida “fonogramma san’ati”ni tahlil qilish barobarida viloyatimizda ijod qilayotgan san’atkorlarimizni jonli ijroda kuylashga da’vat qilishni o‘z oldiga maqsad qilgani albatta, tahsinga sazovor.

Shu o‘rinda, viloyatimizda jonli ijroda kuylayotgan ustoz san’atkorlar Asatulla Atoulloyev, O‘zbekiston halq artisti Mardon Mavlonov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Erkin Qaytarov, Vahobiddin Bahriyev, “Nihol” mukofoti sovrindorlari G‘iyos Obloqulov, Anvar Mirzayev, Farangiz Shamsiyeva, Shahzod Murodov, “Shuhrat” medali sohibi Bekmurod Safarov, xonanda Alisher Muhammadiyevlar qatorida yosh iste’dod egalari ham juda ko‘pligini ta’kidlash joiz. Ularni qo‘llab-quvvatlash borasida bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda. Yigit-qizlar orasidan iste’dodlar tanlanmoqda. Turli shakldagi onlayn konsertlar, tanlovlar uyushtirilib, ularning imkoniyatlari sinovdan o‘tkazilmoqda.

Prezidentimizning 2020 yil 26 mayda qabul qilgan “Madaniyat sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda “Madaniyat vazirligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinishi ham san’at va madaniyat sohasining yanada rivojlanishiga nihoyatda ulkan imkoniyat eshiklarini ochib berdi.

Qarorga ko‘ra, 2020 yil 1 sentyabrdan boshlab davlat organlari va tashkilotlari tizimidagi konsert, madaniyat saroylari va boshqa muassasalarda to‘liq jonli ijro asosida o‘tkazilgan konsert dasturlari uchun ijara to‘lovidan 50 foiz chegirma berish tartibining joriy etilishi mana shunday iste’dodli san’atkorlarimizga bo‘lgan e’tiborning bir ko‘rinishidir.

Bugungi kunda ham pandemiya sababli e’lon qilingan karantin bois el sevgan va tanigan san’atkorlarimiz tomonidan o‘z uylarida jonli ijroda kuylayotgan qo‘shiqlar va onlayn konsert dasturlari xalqimiz tomonidan mamnuniyat bilan kutib olinmoqda.

Jumladan, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi viloyat bo‘linmasi qoshidagi “Ashula va raqs” ansamblining “Sog‘inch” deb nomlangan jonli ijrodagi onlayn konsert dasturi, O‘zbekiston xalq artisti Mardon Mavlonov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Erkin Qaytarov, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Samarqand viloyati bo‘linmasi xushovoz xonandasi Ozoda Ahmedova, “Otajon Xudoyshukurov qo‘shiqlari” respublika tanlovi g‘olibi, xonanda Xushnud Eshto‘xtayevlarning “Biz siz uchun kuylaymiz – siz uyda qoling”, deb nomlangan jonli ijrodagi onlayn konsert dasturlari Samarqand teleradiokompaniyasi va ijtimoiy tarmoqlar orqali havola etilmoqda.

Shuningdek, viloyatdagi mavjud 30 ta bolalar musiqa va san’at maktablari, viloyat ixtisoslashtirilgan san’at maktabi, tizimda faoliyat yuritayotgan “Xalq havaskorlik jamoasi”, “Bolalar namunali jamoasi” unvoniga ega bo‘lgan 28 ta ijodiy jamoalar, “Chavqi”, “Beshqarsak” va “Sarbozi” folklor ansambllari jonli ijroda har yili hisobot konsertlarini namoyish etishadi.

San’at – insonning orzu-havasi, quvonchu shodligi, armon va iztiroblari, ichki kechinmalarini ifoda etadigan sehrli mo‘’jiza. Musavvir, nosiru shoir tasvirlab berolmagan his-tuyg‘ular musiqada bor bo‘y-basti bilan namoyon bo‘ladi. Uni tushunish, his qilish uchun tarjimon shart emas. Musiqa xalqlarni, millat va elatlarni bir-biriga tanitadi, qalban yaqinlashtiradi. Shu sabab milliy musiqa san’atimizni chuqur o‘rganishimiz, jonli ijroda kuylay oladigan yoshlarimiz iste’dodini yuzaga chiqarishimiz, ularni har tomonlama qo‘llab quvvatlamog‘imiz lozim.

Shu nuqtai nazardan kelib chiqib, jurnalist Nasiba Jonto‘rayevaning mazkur maqolasida ayni shu bugungi kunning eng dolzarb masalalari ko‘tarilgan bo‘lib, viloyat madaniyat boshqarmasi tizim tashkilotlari xodimlari, xonandalar ishtirokida muhokama qilinib, qo‘llab-quvvatlandi. Halqimizga manzur bo‘ladigan kuy-qo‘shiqlar yaratish, jonli ijrodagi konsert dasturlarini yanada ko‘paytirish, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash borasida fikrlashildi, tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.

Xo‘jaqul MUHAMMADIYeV,

Samarqand viloyati hokimligi madaniyat boshqarmasi boshlig‘i.