Samarqand shahar hokimi: muammolar ikki kun ichida hal etilishi kerak

Samarqand shahridagi Vatanparvar bog‘ida shahar sektor rahbarlarining aholi muammolarini o‘rganish va ularni bartaraf etish maqsadida navbatdagi sayyor qabuli bo‘lib o‘tdi.

To‘rtta sektor rahbarlari, shahar hokimi o‘rinbosarlari, bo‘lim boshliqlari hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar mas’ullari ishtirok etgan sayyor qabulga kelgan yuzga yaqin fuqaroning murojaatlari diqqat bilan tinglanib, muammolariga yechim izlandi.

- Yagona boquvchimiz - erim bir necha yildan buyon jigar kasalligi bilan og‘riydi, yaqindan boshlab ko‘zlari ham ancha xiralashib, ko‘rmay qolyapti, - deydi Samarqand shaharidagi Spetamen shohko‘chasi 154-uy, 85-xonadonda yashovchi O‘g‘iloy Ergasheva. - Hokimdan erimni nafaqaga chiqarishda yordam so‘radim. Shahar tibbiyot birlashmasi mas’ullariga topshiriq berdi. Ular uyimizga borib oilaviy sharoitimizni o‘rganib ko‘radigan, turmush o‘rtog‘imni ham tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, nafaqaga chiqishiga yordam qiladigan bo‘lishdi. 

Xishrav shaharchasi Mevali ko‘chasida yashovchi G.Hasanova va G.Asatillayevalar o‘zlarining mahallasida sovuq kunlar boshlanishi bilan tabiiy gaz muammo bo‘layotganini ta’kidlashdi.

- Tabiiy gaz uchun to‘lovni oldindan to‘lasak ham doim gaz tanqisligi seziladi, - deydi G.Asatillayeva. – Mutasaddilar gaz miqdorini ko‘paytirishga va’da berishadi-yu, amalda bajarilmay qolyapti. Shuning uchun ko‘chamizda yashovchi bir guruh fuqarolar bilan sayyor qabulga keldik. Bizning dardimizni tinglab, yana va’da berishdi. Shahar gaz ta’minoti idorasi rahbarlari borib o‘rganib chiqishar ekan.

- Sayyor qabulda yakka tartibdagi uy-joy qurilishi muammolari bilan bog‘liq 5 ta murojaat bo‘ldi, - deydi shahar hokimining o‘rinbosari Rustam Olimov. – Ularning biriga uyining tomini yopish uchun qurilish mahsulotlari, jumladan, shifer ajratib beradigan bo‘ldik. Fuqarolarning murojaatlaridan 3 tasi shu yerning o‘zida hal bo‘ldi. Qolgan ikkitasini esa ikki kun ichida joyiga borib o‘rganib, ijobiy hal qilamiz.

Qabulda murojaatlarning aksariyati joyida hal etildi. Qolganlari alohida nazoratga olindi, ularning ijrosini ikki kun ichida ta’minlashlari uchun tegishli mas’ullarga topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.

Dilmurod To‘xtayev.