Samarqand shahrida "opiy" giyohvandlik moddasi sotayotganlar ushlandi

Samarqand viloyati IIB Terrorizm va estremizmga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari Samarqand shahar Xo‘jasoat MFY hududida 1955 yilda tug‘ilgan A.T., B.B. ismli shaxsga 6 dona selofan bo‘lagiga qadoqlangan, “opiy” giyohvandlik moddasini sotayotgan vaqtida ushlagan. Bu haqda Samarqand viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi.

Shuningdek, A.T.ning cho‘ntagidan qog‘ozga qadoqlangan “marixuana” giyohvandlik vositasi va 1 dona “Regapin” psixotrop vositasi borligi aniqlanib, hujjatlashtirib olingan.

Olib borilgan surishtiruv harakatlari davomida ushbu shaxs “opiy” giyohvandlik vositasini tanishi T.Sh. dan olganligi aniqlanib, ushbu shaxsning avtomashinasi Samarqand shahri hududida to‘xtatilib tekshirilganida, avtomashinaning old o‘rindiqlari tagidan tadbirda ishlatilgan pullar borligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.