Samarqand shahrida “Silk road bazaar” milliy hunarmandchilik va savdo festivali boshlandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 16 martdagi “2018-2019 yillarda Samarqand viloyatining turizm salohiyatini jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va viloyat hokimligi tomonidan tashkil etilgan festivalda Samarqand, Farg‘ona va Qashqadaryo viloyatlari hamda Toshkent shahridan kelgan 80 nafardan ortiq usta-hunarmand o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etdi.

Unda Samarqandning kashtalari, Toshkentning chinnilari, Farg‘onaning adrasiyu Shahrisabz chopon va nimchalarining o‘ziga xos jozibaga egaligi, betakrorligini yurtdoshlarimiz hamda xorijlik mehmonlar katta qiziqish bilan tomosha qildi.

– Samarqand o‘zining tarixiy obidalari va qadamjolari bilan meni rom etgan bo‘lsa, ushbu festival yanada hayratga soldi, – deydi fransiyalik sayyoh Toms Mishel. – Bu yerda o‘zbek xalqining milliy hunarmandchiligi bilan yaqindan tanishdik. Hammasi o‘zgacha, kishiga zavq bag‘ishlaydi. Sizlarda o‘ziga xos bayramlar ko‘pligini eshitgandim. Bugun shunday bayramlarning birining guvohi bo‘lganimdan xursandman.

Festivalda kulolchilik, gilamdo‘zlik, zargarlik, yog‘och o‘ymakorligi, sangtaroshlik, kashtado‘zlik, zardo‘zlik, naqqoshlik, chitgarlik singari hunarmandlik mahsulotlari, ellikdan ortiq turdagi Samarqand nonlari  namoyish etildi.

– Ota-bobolarim kabi adras va baxmal matolarini tikish bilan shug‘ullanib kam bo‘lmadim, – deydi marg‘ilonlik hunarmand Dilshod Yo‘ldoshev. – Ayni paytda adras to‘qish bilan birga, milliy matolardan har xil liboslarni tikyapman. Keyingi paytda mahsulotlarimiz nafaqat yurtimizda, balki xorijda ham xaridorgir bo‘lmoqda.

Folklor-etnografik jamoalarning chiqishlari, sahnalashtirilgan tomoshalar va konsert dasturlari ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Shuningdek, sayilda qandolat mahsulotlari, poliz ekinlari yarmarkasi tashkil etildi.

– Samarqandga qadimiy qadamjolarni ziyorat qilish uchun kelgandik, – deydi surxondaryolik Manzura Mahmudova. – Bayram ustidan chiqib qolganimiz xursandchiligimizni yanada oshirdi. Milliyligimizga xos bo‘lgan hunarmandlik mahsulotlari va qiziqarli tomosha dasturlari taassurotlarga juda boy bo‘ldi. 

Festival 26 avgustga qadar davom etadi.

Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari B.Nurullayev ishtirok etdi.

Abdujabbor PO‘LATOV,

Baxtiyor MUSTANOV (foto).