Samarqand temiryo‘l vokzali va undagi bo‘sh joylar tadbirkorlarga beriladi
Toshkent-Markaziy, Samarqand va Qo‘qon temiryo‘l vokzallari va ulardagi bo‘sh joylar davlat-xususiy sherikchilik asosida tadbirkorlarga beriladi. Bu haqda “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” matbuot xizmati xabar berdi.
Temiryo‘l sohasida biznes jarayonlarini raqamlashtirish, boshqaruvning zamonaviy usullarini joriy etish hamda respublikaning tranzit salohiyatidan samarali foydalanish maqsadida 10 oktyabr kuni prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transporti sohasini tubdan isloh qilish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi.
Ushbu qaror ijrosiga ko‘ra, noyabr oyidan boshlab, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tomonidan Toshkent-Markaziy, Samarqand va Qo‘qon temiryo‘l vokzallari, ularda joylashgan bo‘sh hududlarni tadbirkorlarga davlat-xususiy sherikchilik hamda shartnoma asosida ijaraga beriladi.
Shuningdek, Toshkent-Markaziy temir yo‘l vokzalida tadbirkorlar uchun 4 ming kvadrat kilometr joy bo‘lib, xususiy sherikchilik hamda ijaraga berilmoqda. Bu erda tadbirkor ofis uchun joy, mehmonxona, do‘kon, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari hamda savdo markazlari tashkil qilishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan, temiryo‘l vokzallaridagi bo‘sh hududlarni ijaraga olmoqchi bo‘lgan tadbirkorning taklifi o‘rganilib, tanlangan joy “E-auksion” platformasi orqali ijaraga beriladi.