Samarqand va Buxoroda 8 nafar bemor tuzaldi. Ular orasida 78 yoshli otaxon ham bor
Buxoro viloyatida 5 nafar, Samarqand viloyatida esa 3 nafar, jami 8 nafar koronavirusga chalingan bemorlar to‘liq sog‘aydi.
Buxoroda shifo topganlarning 4 nafari ushbu viloyatdan bo‘lib, koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olgan. 1 nafari esa Toshkent shahridan bo‘lib, Rossiyadan charter reys bilan Buxoroga olib kelingan va karantinga olingan. Koronavirus infeksiyasi tasdiqlangach, shifoxonaga joylashtirilgan. Ularning 2 nafari erkak, 3 nafari ayol bo‘lib, eng yoshi kattasi 50 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 14 yosh.
Sog‘ayganlar viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatildi. Ushbu viloyatda shu paytga qadar 367 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 372 nafarga yetdi.
Samarqandda tuzalganlarning 3 nafari (7 yoshli, 31 yoshli hamda 78 yoshli) ham erkak bo‘lib, ushbu viloyatning Toyloq tumanidan. Ular koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olgan.
Sog‘ayganlar ayni paytda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatilmoqdi. Viloyatda hozirga qadar 34 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 37 nafarga yetdi.
Hozirda mamlakatimiz bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan sog‘aygan bemorlar 1547 nafarni tashkil etmoqda.
Sog‘liqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.