Nurmat Otabekov: Koronavirusga chalinish ehtimoli, chalinmaslik ehtimolidan ko‘proq ekanligini olim sifatida o‘zim uchun kashf qildim
O‘zbekiston bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov koronavirusdan davolanish davomida avval bilmagan nimani kashf qilgani haqida “Shifobaxshuz” telegram kanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
“Men, olim sifatida yana bir narsani o‘zim uchun kashf qildim – ushbu kasallikka chalinish ehtimoli, chalinmaslik ehtimolidan ko‘proq ekan. Negaki, salomatligim uchun doim sinchkov bo‘lganman, sergaklikni yo‘qotmaganman, ehtiyotimni qilganman. To‘rt oy mobaynida kasallik o‘chog‘ida (biz faoliyat yuritayotgan binoda laboratoriyalar bor edi, u yerga odamlar koronavirusga namunalar topshirish uchun kelib, ketib turishdi. Ba’zan xodimlar orasida kasallikka chalinganlar aniqlandi) bo‘lib turgan bo‘lsam-da, ehtiyotimni qila oldim. Lekin qayerdadir ozgina e’tiborsizlik qilganmanki, ushbu holat kasallik yuqishiga sabab bo‘ldi. Shuning uchun ham kasallikni yuqtirib olish ehtimoli yuqori ekanligini men o‘zim uchun kashf qildim deyapman”, deydi professor.
Respublika maxsus komissiyasi a’zo Nurmat Otabekov bu kasallikka bepisand bo‘lmaslik kerakligini, kasallikni faqat ishonch bilan, harakat bilan yengish mumkinligini o‘zi uchun isbotlaganini qo‘shimcha qildi. «Aslida, har qanday odam ushbu kasallikni yengib o‘tishi mumkin. Shunday ekan, faqat harakat, tuzalib ketishga ishonch, to‘yimli ovqatlanish, ko‘proq suyuqliklar ichish, sabzavot, meva va ko‘katlar iste’mol qilish orqali organizmning immun tizimini mustahkamlash, kasallikdan tezroq sog‘ayib ketishga zamin yaratishiga», ishonch hosil qilganini aytib o‘tdi mutaxassis.
Avvalroq, Nurmat Otabekovning nimalarni xalqqa gapirib bergan bo‘lsa, kasallik klinik belgilarining hammasini o‘zida kuzatgani va qanday qilib koronavirusni yuqtirib olgani haqida xabar berilgan edi. Shuningdek, professor qo‘shimcha davolash usullari va dori-darmonlarsiz sog‘ayib ketgani va qanday asoratlar qolganini ma’lum qilgandi.