Nurmat Atabekov SOVID-19 bo‘yicha tarqalayotgan audio-xabarlarga izoh berdi
Yurtimizda koronavirusdan kasallanish bo‘yicha kunlik ko‘rsatkichlarda nisbatan ko‘tarilishlar kuzatilayotganiga guvoh bo‘lib turibmiz. Ana shu o‘sishlar fonida ijtimoiy tarmoqlarda qat’iy karantin choralari yana kuchaytirilishi, virusning yangi shtammlari tarqalayotgani, shifoxonalarda “oyoq bosishga joy yo‘q”ligi haqidagi audioyozuvlar sizdirilmoqda.
Ushbu gap-so‘zlar qanchalik haqiqatga yaqin?
Bu savolga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari, tibbiyot fanlari doktori, professor Nurmat Atabekov atroflicha javob berdi:
— Bu audioyozuvlarlarni tinglab ko‘rsangiz, ular sizga tanish tuyuladi. Chunki ushbu xabarlar kasallik avj olgan o‘tgan yilgi pandemiya davrida ham o‘rtaga chiqqan edi. Buni ulardagi leksika va umumiy manzaradan ham sezish qiyin emas.
Deylik, bu xabarlardan birida virusning yangi shtammi tarqalib ketgani haqida so‘z boradi.
Holbuki, ayni paytda yurtimizda koronavirusning asosan “omikron” shtammi aniqlanmoqda. Bu bemorlarning 98 foizida kasallik yengil darajada kechyapti. Mazkur shtammning yurtimizda tarqala boshlaganiga esa yarim yilga yaqinlashyapti.
Sog‘liqni saqlash vazirligi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rasmiy manbalarida koronavirusning tarqalishi bo‘yicha so‘nggi yangiliklar berib borilmoqda. Asl vaziyatga qaraydigan bo‘lsak, bir kunda mamlakatimizda o‘rtacha 100-120 ta kasallanish qayd etilmoqda. Albatta, 35 million aholi orasida bu — juda kichik ko‘rsatkich.
Shunday bo‘lsa-da, COVID-19 ga chalinmaslikning asosiy va eng samarali yo‘li vaksinatsiya bo‘lib turibdi. 2 yoki 3 bosqichli emlashni qabul qilgan fuqarolar 6 oydan so‘ng buster dozani olishlari, shundan 6 oy o‘tib, yana qayta emlanishlari mumkin.
Yuqoridagi asossiz xabarlarni tarqatayotgan kimsalar aholi orasida xavotir uyg‘otishga harakat qilayotgani ko‘rinib turibdi.
Shu bois fuqarolardan ijtimoiy tarmoqlardagi axborotlarni sog‘lom aql bilan baholashlarini, ularni tarqatayotganda asosliligini tekshirib ko‘rishlari so‘ralgan.