Koronavirusga chalinish holati barcha hududlarda ortib bormoqda

AOKAda Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Nurmat Otabekov ishtirokida brifing o‘tkazildi.

Nurmat Otabekovning qayd etishicha, koronavirusga chalinganlar mamlakatimizning barcha hududlarida aniqlanyapti va kasallik darajasi ortib boryapti.
"Bugungi kunda O‘zbekiston shifoxonalarida 4 ming 82 nafar bemor davolanmoqda. Ularning 514 nafari o‘ta og‘ir ahvolda, 1 ming 158 nafari esa kasallikni og‘ir o‘tkazmoqda.
Kuni kecha, 28 nafar bemor reanimatsiyaga olingan, 21 nafari esa reanimatsiyadan oddiy palatalarga o‘tkazilgan.

O‘zbekistonda koronavirusga qarshi emlash tadbirlari boshlanganiga uch oydan oshdi. Mamlakatimizda har bir emlash punktida yaratilgan sharoitlar tufayli kuniga 70 nafar odamni emlash imkoniyati mavjud. Biroq fuqarolar bu imkoniyatning yarmidan foydalanyapti, xolos, ya’ni bir kunda bitta punktda 35-37 nafar kishi emlanyapti.

Agar ahvol shu tartibda ketadigan bo‘lsa, ommaviy emlash o‘z samarasini bermasligi mumkin. Negaki, ommaviy emlash qachonki qisqa muddatda katta miqdordagi aholi emlansa, ko‘zlangan samarasini beradi", dedi Nurmat Otabekov.