Nurmat Otabekov: To‘rt oy nimalarni gapirib bergan bo‘lsam, barchasini o‘zimda kuzatdim
O‘zbekiston bosh davlat sanitariya inspektori, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik nazorat davlat inspeksiyasi boshlig‘i Nurmat Otabekov koronavirusdan davolanib chiqqanidan so‘ng o‘zida kechirgan holatlar haqida “Shifobaxshuz” telegram kanaliga ma’lum qildi.
Otabekovning ma’lum qilishicha, u tana haroratining ko‘tarilish belgilari bilan shifoxonaga yotqizilgan.
«Men koronavirusga chalinganligimni 28 iyul kuni bildim. Ikki marotaba laboratoriya tekshiruvi musbat natija berdi. Dastlabki sakkiz kun davomida menda jiddiy klinik belgilar kuzatilgani yo‘q. Biroq shifoxonaga yotganimning sakkizinchi kunidan boshlab pnevmoniya belgilari kuzatila boshladi va olti kun davomida nafas yetishmovchiligi bilan bog‘liq klinik belgilar kuzatildi. Rentgen va multispiral kompyuter tomografiya tekshiruvlari o‘pkamning 50 foizida yallig‘lanish borligini ko‘rsatdi. Kasallikning 14-15 kunlariga borib hid va ta’m bilish belgilarining yo‘qolishi namoyon bo‘la boshladi. Ayniqsa, achchiqni sezish keskin kamayganini sezdim. Lekin tuz va shirinlikni ta’mini sezish imkoniyati saqlanib qoldi», dedi professor.
Suhbat davomida Bosh davlat sanitariya inspektori kasallik klinik belgilarining barchasini o‘zida kuzatganini aytib o‘tdi.
«Shifoxonada 21 kun davolanish barobarida, o‘tgan to‘rt oy davomida kasallikning klinik belgilari bo‘yicha nimalarni aholiga gapirib bergan bo‘lsam, barchasini o‘zimda kuzatdim. Holsizlanish, terlash, tana haroratining ko‘tarilishi, hid va ta’m bilishning pasayishi, nafas olishdagi muammolar, ichak faoliyatining buzilishi kabilarning barchasini o‘zimda kuzatdim. Menda shunaqangi tushuncha paydo bo‘ldiki, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti kasallik tashxisi, davolash usullari va profilaktikasi bo‘yicha bergan tavsiyalarining hammasi o‘rinli va asoslangan», dedi Sanitariya-epidemiologik nazorat davlat inspeksiyasi boshlig‘i.