Samarqandda 262 mingdan ziyod aholidan sport sinovlari olindi

Aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida yosh toifasi bo‘yicha fuqarolardan to‘rt yo‘nalishda «Jismoniy tayyorgarlik darajasi» sport sinovlarini qabul qilinmoqda.

Viloyatimizda joriy yilning mart-aprel oylarida 7 yoshdan 17 yoshgacha, aprel-may oylarida 18 yoshdan 29 yoshgacha, avgust-sentyabr oylarida 30 yoshdan 49 yoshgacha, oktyabr-noyabr oylarida 50 va undan katta yoshdagi shaxslardan hamda davlat organlari va tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan xodimlardan murakkablik darajasini hisobga olgan holda ixtiyoriy va maxsus talablar asosida sport sinovlari olinmoqda.

Sport sinovlarini topshirgan fuqarolarning tahliliy ma’lumotlarini yagona elektron bazada yuritish amaliyotini joriy etish maqsadida my.sport.uz platformasida “Sport sinovlari” axborot tizimi ishga tushirilgan bo‘lib, uzoq va qisqa masofaga yugurish, yurish, basketbol savatchasiga to‘p kiritish, uzun va qisqa masofaga sakrash, granata uloqtirish kabi sport mashg‘ulotlarini bajargan ishtirokchilar baholab borilmoqda.

- Prezidentimizning 2021 yil 16 iyundagi “Aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tizimini joriy etishning tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda «O‘zbekiston — 2030» strategiyasini «Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning o‘tgan davrida 262 ming nafardan ziyod aholidan sport sinovlari qabul qilindi, - deydi viloyat sport boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Ro‘ziyev. - Ushbu sport sinovlarining ixtiyoriy talablari mahallalarda tanlab olingan 1126 ta infratuzilmasi mavjud sport inshootlarida o‘tkazildi. Sport sinovlarining maxsus talablari tuman (shahar)lardagi sport maktablarida qabul qilindi.

Sport sinovlarining maxsus talablarini bajargan 376 nafar ishtirokchi «Jismoniy tayyorgarlik darajasi» ko‘krak nishoni va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.Shuningdek, ular bir yil mobaynida ko‘plab imtiyozlardan ham foydalanadi. Hozirda sport sinovlarining so‘nggi bosqichida idora va tashkilotlar xodimlari jismoniy tayyorgarlikdan o‘tkazilmoqda.