Samarqandda futbolga e’tibor kuchaydi
Ayni kunlarda, viloyatning bosh jamoasi – «Dinamo» futbol klubi superligada o‘ynash imkoniyatiga ega bo‘lib turgan xursandchilik kunlarida Samarqand futboliga berilayotgan e’tibor haqida ayrim ma’lumotlarni keltirishni lozim topdik.
Va’daga vafo
Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimovning sa’y-harakati va tashabbusi bilan 2019 yildan viloyatda futbolga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, Prezidentimizning 2018 yil 5 martdagi “Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, istiqbolli va iqtidorli futbolchilarni tayyorlashning samarali tizimini yaratish, professional futbol klublari uchun sifatli zaxira shakllantirish, moddiy-texnik bazasini yaxshilash borasida Samarqandda ham keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Bundan uch oy avval «Dinamo» klubi bilan uchrashgan viloyat hokimi Erkinjon Turdimov 2019 yildan klubni o‘z nazoratga olishini, boshqaruv tizimi va moliyalashtirish manbalarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishni, jamoa uchun, eng avvalo, sharoitlarni yaxshilab, so‘ng natija talab qilinishini ta’kidlagan edi. Qolaversa, Samarqand viloyat teleradiokompaniyasidagi «Ochiq muloqot» ko‘rsatuvi davomida ham muxlislarning talab va takliflari o‘rganib chiqilishini ma’lum qilib, “Dinamo” Samarqanddek shahar va viloyatga munosib bo‘lishi shartligini ta’kidlagandi. Shunga ko‘ra, E.Turdimov o‘zgarishlarni viloyat futboli poydevori sanalmish bolalar-o‘smirlar futbol akademiyasidan boshladi.
Akademiya
Yanvar oyi yakunida viloyat hokimi boshchiligidagi ishchi guruh Samarqand shahridagi O‘FA va «Dinamo» futbol klubi tasarrufidagi Samarqand viloyat futbol akademiyasida bo‘lib, bolalar futbolining bugungi holatini ko‘zdan kechirdi va eng avvalo, ishni akademiyani oyoqqa turg‘izishdan boshlash lozimligini ta’kidladi. Dastlab barcha muammo va kamchiliklar aniqlanib, akademiya tarbiyalanuvchilariga sharoitlarni yaxshilash borasida chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Akademiya yangicha ko‘rinish olishi, mashg‘ulotlar yangicha tarzda olib borilishi uchun qurilish va bunyodkorlik ishlari boshlab yuborildi.
«Dinamo» klubi qarorgohi
Katta o‘zgarishlar amalga oshirilayotgan navbatdagi manzil “Dinamo” futbol klubi qarorgohi bo‘ldi. Jamoa bazasidagi holat bilan shaxsan tanishgan E.Turdimov viloyatning bosh jamoasi moddiy-texnik bazasini yaxshilash, sharoitlarni yaratish borasida bir qator ko‘rsatmalar berdi. Bugungi kunda “Dinamo” professional futbol klubi qarorgohida qurilish-ta’mirlash brigadalari tomonidan obodonlashtirish va rekonstruksiya ishlari olib borilib, futbolchilarga barcha sharoitlar yaratilmoqda. Shuningdek, yaqin orada Jomboy tumanida “Dinamo” klubi uchun futbol bazasi qurilishi rejalashtirilgan.
Stadion
Rejaga muvofiq, yangi futbol mavsumi oldidan “Dinamo” stadionida PFL talablari darajasida sharoitlarni yaratish va o‘yingohni 2019 yilgi chempionatga hozirlash ishlari ham boshlanish arafasida. Stadion chimi mutaxassislar tomonidan sifatli parvarishlanmoqda. Ular yashil maydon mart oyida tayyor holga kelishini e’tirof etishmoqda.
Uzoq kutilgan o‘zgarish
E.Turdimov Navoiy va Surxondaryo viloyatlaridagi samarali rahbarlik faoliyati davomida bu viloyatlarning bosh jamoalari - “Qizilqum” va “Surxon” klubi muvaffaqiyatlarida hissasi katta bo‘lgan. Buni mahalliy muxlislar hali-hamon eslashadi. Bir necha yillar davomida Samarqandda futbolga e’tibor haminqadar ediki, aytaylik, viloyat bolalar futbol akademiyasi yoki “Dinamo” klubi qarorgohida qilinayotgan hozirgi yangilanish, o‘zgarishlar oxirgi marta qachon amalga oshirilganligini ko‘pchilik eslolmaydi.
Eng ko‘p aholiga ega katta viloyatning rahbari barcha sohalar qatori futbolga ham alohida e’tibor qaratayotgani, Samarqandda bolalar futbolidan tortib, professional futbol klubi darajasigacha nazorati doirasidan chetda qolmayotgani, muammo va kamchiliklarga o‘z vaqtida munosabat bildirayotgani zamirida, eng avvalo, futbolsevar Samarqand xalqining kayfiyati, mamlakat kelajagi sanalmish bolalar futbolining istiqboli ko‘zlangan.
“Qars ikki qo‘ldan chiqadi” deganlaridek, “Dinamo” jamoasi ham bu yil superligada o‘z o‘yinlarini boshlar ekan, mas’uliyatni chuqur his etgan holda yangi mavsumda rahbariyat va muxlislar ishonchini oqlashga jiddiy bel bog‘lagan.
«Dinamo»ga yangi avtobus beriladi
Viloyat hokimi tashabbusi bilan 2019 yilgi yangi mavsum oldidan «Dinamo» futbol klubi moddiy texnik bazasini yaxshilash maqsadida jamoaga Samarqand viloyati hokimligi va klub homiyi tomonidan yangi zamonaviy avtobus berilmoqda. Hozirda yangi avtobusga “Dinamo” klubi ramzlari tushirilmoqda. Avtobus 2019 yilgi chempionat o‘yinlari boshlanishidan “Dinamo” xizmatida bo‘ladi.
“DINAMO” FUTBOL KLUBI MATBUOT XIZMATI.