Samarqandda ko‘prikdan qulagan mashina bilan bog‘liq tafsilotlar ma’lum bo‘ldi
30 sentyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Samarqandda 20 metrlik ko‘prikdan katta tezlikda kelayotgan mashina pastga qulab tushgani voqeasi bilan bog‘liq video tarqalgandi.
Samarqand shahridagi Ibn Sino ko‘chasida sodir bo‘lgan ushbu yo‘l-transport hodisasi yuzasidan viloyat YHXB quyidagilarni ma’lum qildi.
“2019 yil 1 oktyabr kuni soat 00.30 larda Samarqand shahri Ibn Sino ko‘chasida haydovchi - 1995 yilda tug‘ilgan, Bog‘imaydon-2 mahallasida yashovchi Dilshod Davronov boshqaruvida bo‘lgan “Epika” rusumli, 30 Q 104 LA davlat belgili avtomashinasining boshqaruvini yo‘qotishi oqibatida beton to‘siqqa urilib, pastlikka ag‘darilib ketgan va yo‘l-transport hodisasini sodir etgan. Oqibatda avtomashinada bo‘lgan haydovchi hamda yo‘lovchi – 1994 yilda tug‘ilgan, Samarqand shahri Bog‘imaydon-2 mahallasida yashovchi Doniyor Ahadov tan jarohati olib, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand filialiga yotqizilgan.
Mazkur yo‘l-transport hodisasi yuzasidan YHXB ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi inspektori B.Rofeyev tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda”.