Samarqandda barpo etilayotgan tonnel va ko‘priklar avtotransport yuklamasini tartibga soladi

2022 yildan buyon “Abu Dabi Taraqqiyot jamg‘armasi” ishtirokida “Samarqand shahrida suv ta’minoti tizimlari va yo‘l tarmoqlarini modernizatsiya qilish” loyihasi amalga oshirib kelinmoqda.

Ayni vaqtda “Me’mor Utkir Chovka” MChJ quruvchilari Samarqand shahridagi Gagarin va Rudakiy ko‘chalari kesishmasidagi yo‘l o‘tkazgich qurilishini nihoyasiga yetkazish arafasida. Ilgari mazkur MChJ va Xitoyning “Shaanxi Road and Bridge Group Co., Ltd” konsorsiumi bilan hamkorlikda Samarqand shahridagi Gagarin va Mirzo Ulug‘bek ko‘chalari kesishmasida yer osti transport tonneli, 2 ta yer osti piyodalar yo‘lagining qurilish ishlarini yakunlagan edi.

Gagarin va Rudakiy ko‘chalari kesishmasidagi yo‘l o‘tkazgich tonneli qurilishida loyihadagi 729 dona beton qoziqlar qoqildi. 680 metr uzunlikda panjara qurish ishlari yakunlandi. Loyihada ko‘rsatilgan 54 dona 18 metrlik temir-beton balkalar to‘liq montaj qilindi, tonnelning ichki tuprog‘i to‘liq chiqarilib, ochildi. Ayni vaqtda tonnelning ichki fasad ishlari bajarilmoqda. Tonnelning Rudakiy ko‘chasidagi 2 ta yer osti piyodalar yo‘lagining qurilishi 80 foizga bajarilgan. Quruvchilar yo‘lakning ichki qismida so‘nggi fasad ishlarini olib borishmoqda.

Yirik loyihada Gagarin ko‘chasining Motrit ko‘chasiga olib chiqadigan 1,2 kilometrlik avtomobil yo‘li qurilishi ham ko‘zda tutilgan edi. Buning uchun temiryo‘l ustidagi eski ko‘prik o‘rnida zamonaviy yo‘l o‘tkazgich qurish rejalashtirilgan.

-   Mazkur ko‘prik qurilishi boshlanganiga 3 oydan oshdi, - deydi “Me’mor Utkir Chovka” MChJ uchastka boshlig‘i Hasan Jalilov. - Uzunligi 82 metr, eni 35 metr bo‘lgan ko‘prikning asosi uchun 53 ta beton qoziqlarning qurilish-montaj ishlari bajarilib, 326,4 m3 panjara qurish ishlari davom etmoqda.

Yangi yo‘lni qurish uchun Matonat mahallasida joylashgan 100 dan ziyod aholi uy-joylari, shuningdek, korxona-tashkilotlarga qarashli omborxona va boshqa yordamchi binolar boshqa hududlarga ko‘chirildi.

Loyiha asosida Siyob kanalining shu hududda joylashgan qismida ham zamonaviy ko‘prik qurish ishlari boshlab yuborildi. Uzunligi 198 metr, balandligi 13 metrni tashkil qiluvchi yo‘l o‘tkazgich kanal ustidan o‘tib, yo‘lni Ma’rifat mahallasi bilan bog‘laydi. Ko‘prikning beton qoziqlari va panjaralarining montaj ishlari davom ettirilmoqda. Ob’yektlarda 65 nafar ishchi va 26 dan ziyod maxsus texnikalardan foydalanilmoqda.

Tonnel va ko‘priklar qurish, yo‘l hamda ko‘chalarni kengaytirib, rekonstruksiya qilish - barchasi shahrimizda yildan yilga tig‘izlashib borayotgan transport yuklamasini tartibga solib, aholi uchun qulayliklar yaratishni ko‘zda tutadi.

Dilmurod TO‘XTAYeV,

Fazliddin RO‘ZIBOYeV (surat).