Ko‘chki xavfi bartaraf etilib, transportlar harakati to‘liq tiklandi
Kecha, 14 fevral kuni kanalimizda "M-39 "Almati—Toshkent—Termiz" avtomobil yo‘lining Cho‘pon ota tepaligi yaqinida yog‘ingarchiliklar oqibatida yoriqlar paydo bo‘lib, mazkur hududda transport vositalari harakati vaqtincha bir tomonlama tashkil etilishi haqida xabar qilgan edik.
Viloyat IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ushbu holat yuzasidan ma’lumot berdi. Unda aytilishicha, xalqaro ahamiyatdagi M-39 «Almati—Toshkent—Termiz» avtomobil yo‘lining 1079-1080 kilometrlari oralig‘i, Samarqand—Toshkent yo‘nalishi bo‘ylab o‘ng tomondagi Cho‘pon ota tepaligida yog‘ingarchiliklar va bir qator omillar ta’sirida paydo bo‘lgan yoriqlar natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ko‘chki xavfi bartaraf etilgan.
"Mazkur holatni bajarish ishlari viloyat favqulodda vaziyatlar va viloyat IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmalari xodimlari nazorati ostida amalga oshirildi. Hozirgi vaqtda avtomobil yo‘lining ushbu qismida transportlar harakati to‘liq tiklanib, avtoulovlarning xavfsiz harakatlanishi ta’minlanganini ma’lum qilamiz", deyiladi ma’lumotda.