Samarqandda zamonaviy IT-park qurilishi boshlandi
Samarqand shahrida IT sanoati inkubator binolarini qurish loyihasiga start berildi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda viloyat hokimi Adiz Boboyev, Raqamli texnologiyalar vazirining maslahatchisi Jamshid Egamberdiyev, IT-park kuzatuv kengashi raisi Farhod Ibrohimov, loyihaning bosh pudratchi vakili, Xitoyning O‘zbekistondagi “Shanghai Construction Group” kompaniyasi bosh direktori Pang Shengjian hamda soha vakillari ishtirok etdi.
— Ushbu zamonaviy IT Parkning qurilishi raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, innovatsion texnologiyalarni turli sohalarga keng joriy etish, shuningdek, axborot texnologiyalari bo‘yicha yosh iqtidorli mutaxassislarni tayyorlashga xizmat qiladi, — dedi viloyat hokimi A.Boboyev. — Majmuada startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega kadrlar tayyorlash uchun barcha shart-sharoitlar yaratiladi. Bu esa hududda axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va iqtisodiyot tarmoqlarining raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
IT inkubatsiya markazi 1 gektarga yaqin maydonni egallagan bo‘lib, loyiha EPC+F (Muhandislik, ta’minot, qurilish + moliya) modeli asosida Xitoyning O‘zbekistondagi “Shanghai Construction Group” kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda.
— Kompaniya xalqaro miqyosda amaliyotga ega bo‘lgan kuchli, ko‘p tarmoqli qurilish kompaniyasi bo‘lib, 2024 yilda uning yillik daromadi 41 milliard AQSh dollariga yetdi, — deydi “Shanghai Construction Group” kompaniyasi bosh direktori Pang Shengjian. — U “Fortune Global 500”, ya’ni dunyoning eng kuchli kompaniyalari 500 taligi ro‘yxatida 354-o‘rinni, dunyoning eng yirik pudratchilari reytingida 8-o‘rinni egallagan. 2019 yilda O‘zbekiston bozoriga kirib kelgan kompaniyamiz EPC+F modeli asosida “Toshkent SITI”, uchta bank bosh ofis binolari loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirdi. Samarqand IT-sanoati inkubator binolarini qurish loyihasini ham muvaffaqiyatli qurib bitkazamiz. Loyiha ishga tushgach, mahalliy yoshlarga ko‘proq yuqori sifatli ish o‘rinlari yaratiladi, mintaqaviy iqtisodiy tuzilmani takomillashtirish va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yanada rag‘batlantiriladi, shu bilan birga Samarqandning zamonaviylashuv jarayoniga turtki bo‘ladi.
EPC+F modeli asosida quriladigan IT sanoati inkubator binolari loyihalash, dizayn xarid qilish, qurish va moliyalashtirish vazifalarini o‘z zimmasiga oladi. Loyihani rejalashtirish, tizimlashtirish, xavfsizlik standartlari va muhandislik boshqaruvi sohalaridagi ishlar qonun talablariga va xalqaro muhandislik amaliyotini to‘liq hisobga olgan holda amalga oshiriladi.
– Ushbu loyiha “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilab berilgan vazifalar doirasida amalga oshirilmoqda, – deydi O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi Jamshid Egamberdiyev. – Loyiha mintaqaviy raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, innovatsion sohalarni shakllantirish va yosh iqtidorli mutaxassislarni tayyorlashga zamin yaratadi. Shuningdek, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, raqamli sanoat infratuzilmasi va hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.