Kattaqo‘rg‘on shahar sudi hukmi o‘zgarishsiz qoldirildi: tadbirkorlar ozodlikdan mahrum etildi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahar sudining hukmiga ko‘ra, T.Abdijalilov (1976 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan, “T-NUTS” va “PICHOQCHI DRY FRUITS” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari rahbari) va boshqalar (jami 3 kishi)ga oid jinoyat ishi birinchi instansiyada ko‘rib chiqilib, 2025 yil 13 oktyabrda sud hukmi e’lon qilingan.

Sudning hukmiga ko‘ra, sudlanuvchilar T.Abdijalilov Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) 2-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 6 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi;

A.Abdumalikov (1995 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan, “UNITED JOY GROUP” MChJ rahbari) va Sh.Qo‘ziboyev (1998 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan, “BARAKASINI BERSIN TOMORQA XIZMATI” MChJ rahbari lavozimida ishlagan) ham Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismining “a” bandi va 228-moddasining 2-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, ularning har biriga 5 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Sudlanuvchilar T.Abdijalilov, A.Abdumalikov va Sh.Qo‘ziboyevlardan solidar tartibda “Agrobank” ATB Oqdaryo filiali foydasiga 6.998.763.240 so‘m undirish belgilangan.

Sud hukmiga nisbatan sudlanuvchilar T.Abdijalilov, A.Abdumalikov va Sh.Qo‘ziboyevlarning apellyasiya tartibidagi shikoyatlari asosida jinoyat ishi ko‘rib chiqilib, viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyasiya instansiyasining 2025 yil 17 dekabrdagi ajrimi bilan jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahar sudining 2025 yil 13 oktyabrdagi hukmi o‘zgarishsiz, apellyasiya shikoyatlari qanoatlantirilmasdan qoldirildi.