Ilmiy tadqiqotlar hayotga joriy etilyaptimi?
Yurtimizda qadimda odamlar dorivor o‘simliklar bilan davolanishgan. Tibbiyot rivojlangach, dorivor o‘simliklarga e’tibor kamaydi, biroq ular tabiiy mahsulotligi bilan qadrlidir.
Bugun Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti olimlari ellikdan ortiq dorivor o‘simliklar ustida ilmiy tadqiqot ishlari olib boryapti. Dorivor o‘simliklardan ayrimlari institutning tajriba dalasida ko‘paytirilib, qayta ishlanib, sotuvga chiqarilmoqda.
- Dorivor o‘simliklardan moliyalashtirilgani artishok o‘simligi bo‘lib, bugungi kunda undan institutda dorivor choy tayyorlanyapti, - deydi institutning agrobiologiya fakulteti dorivor o‘simliklar va oziq-ovqat texnologiyasi kafedrasi assistenti Vahob Rahmonov. – Bundan tashqari, Samarqand bo‘znochi o‘simligi ustida ham ilmiy tajribalar olib borilyapti. Bu o‘simlik jigar va o‘t kasalliklarida shifobaxsh hisoblanadi. Shuning uchun farmatsevtikada undan keng foydalaniladi. Kafedramizda baliq va parrandalar uchun ozuqa ishlab chiqarishni ham yo‘lga qo‘yganmiz. Ozuqaning nomi Biofood chickent bo‘lib, uning tarkibida azolla va vyaska suv o‘simliklari mavjud. Biofood chickent ustida ish olib borgan institut talabasi Azimjon Hamroyev o‘tgan yili “Ulug‘bek vorislari” respublika tanlovida g‘olib bo‘lib, 7,5 mln so‘m mukofot pulini qo‘lga kiritdi. Nasib bo‘lsa, uni moliyalashtirib, sotuvga chiqarishni reja qilyapmiz.
Shuningdek, institutda rozmarin o‘simligidan kukun, sprey (purkagich), efir moyi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Sprey soch to‘kilishining oldini olsa, efir moyi asab tizimiga ijobiy ta’sir etadi.
Institut laboratoriyasida zanjabil, artishok, tog‘ rayhoni, bo‘yimadaron kabi dorivor o‘simliklar yetishtirilyapti.
- Artishok bo‘yicha ko‘p yillardan beri tadqiqot olib boraman, - deydi dorivor o‘simliklar va oziq-ovqat texnologiyasi kafedrasi dotsenti Eldor Isomov. – Shu bo‘yicha ilmiy izlanishlar qildim, nufuzli jurnallarda maqolalar chop etdim. Bu yil institut dala tajriba maydonining 15 sotixiga artishok o‘simligi yetishtirdik. O‘simlik barglarini terib olib, quritib, mahsulotni qayta ishlash sexida qadoqlab, sotishni yo‘lga qo‘ydik. Yoshlarning startap loyihalari doirasida institutda dorivor choylarni qadoqlash uchun asbob-uskunalar olingan. Artishok jigar, buyrak, qandli diabet, stomatit kabi kasalliklarning oldini olishda foydali hisoblanadi. Uning tarixiga to‘xtaladigan bo‘lsak, artishokning asli vatani O‘rta Yer dengizi, Kanar orollari bo‘lib, dastlab yovvoyi holda uchragan. Mamlakatimizga 1990 yillarda reproduksiya qilinib, ko‘paytirib kelingan. Artishok choyini sotish bo‘yicha sog‘liqni saqlash vazirligidan ruxsatnoma olingan. Bugun uni dorixonalardan topish mumkin.
Institutda loyiha doirasida 2-3 nafar iqtidorli talaba ishga jalb etilgan, ya’ni ular dorivor choyni qadoqlash jarayonida ishtirok etadi.
Bundan tashqari, institutda turli mavsumda foydalanish maqsadida ba’zi sabzavot mahsulotlarini quritish ustida tadqiqot ishlari olib borilyapti. Masalan, olimlar yaqinda qizil lavlagini quritib, qadoqlashdi. Quritilgan qizil lavlagini qish mavsumida ovqat va salatlarga ishlatish mumkin.
Shuningdek, bu yil institutning tajriba dalasida dorivorlik xususiyati yuqori bo‘lgan Abujahl tarvuzlari ham yetishtirildi.
- Men Abujahl tarvuzini ildizidan tashqari oziqlantirish orqali uning hosildorligini oshirish bo‘yicha tajriba olib bormoqdaman, - deydi institut magistranti Jaloliddin Xushvaqtov. – Tajribamga deyarli bir yil bo‘ldi. Abujahl tarvuzi xalq tilida achchiq tarvuz ham deyiladi. Men bu tarvuzni yetishtirishda ildiziga emas, balki barglariga ikkita preparat orqali ishlov berdim. Atigi bir sotixlik maydonda o‘tkazgan tajribamdan yetarlicha natija oldim, ya’ni tarvuzchalarning hajmini ikki baravar kattalashtirishga erishdim. Abujahl tarvuzi qadimdan O‘rta Osiyo mamlakatlarida tabiiy vosita sifatida qo‘llanib kelinadigan dorivor o‘simlik hisoblanadi. Tarvuz yallig‘lanishga qarshi, ichak yo‘llariga va xalq tabobatida gijjalarni tushirishda ham qo‘llaniladi. Hozirgi olimlarning tadqiqotiga ko‘ra, bu o‘simlikning tarkibidagi ba’zi moddalar qandli diabetda qandning miqdorini me’yorlashtirishda juda foydali deb topilmoqda.
Abujahl tarvuzi achchiq bo‘lganligi tufayli yosh bolalarga bir kunda bir mahal yarim qoshiqchadan, kattalarga bir qoshiqchadan asal bilan aralashtirilgan holda iste’mol qilish tavsiya etiladi. Agar organizmda gijjalar ko‘p bo‘lsa, bir kunda ikki mahal iste’mol qilish mumkin. Bu tarvuzning asosan, gibrid navlari O‘zbekistonda keng tarqalgan bo‘lib, uning hajmi katta va ichi qizg‘ish. Tarvuzning gibrid navlarida dorivorlik xususiyatlari kam bo‘lganligi uchun men aynan dorivorlik xususiyatiga ega navini Urgutdan, ya’ni tabiblardan topib, urug‘idan ko‘paytirdim. Nasib bo‘lsa, keyingi yillarda Abujahl tarvuzini katta maydonlarga ekib, bozorlarga chiqarish niyatidaman.
Institut olimlari dorivor o‘simliklarni yetishtirish, qayta ishlash va sotuvga chiqarish orqali aholi salomatligini tabiiy mahsulotlar yordamida tiklashni maqsad qilgan. Ulardan hali bundan ham yaxshi natijalarni kutib qolamiz.
Xurshida ERNAZAROVA,
Baxtiyor MUSTANOV (surat va videolavha).